YaNGI YIL TONGIDA
HAYoT HAQIDA YoZILGAN INShO
Yorugʻ dunyoga kelib, eng avvalo onamizni taniymiz. Keyinchalik otamizni, yaqin qarindoshlarni... Asta-sekin ularga nisbatan dilimizda mehr uygʻona boshlaydi. Bir dasturxon atrofida ovqatlanib, dunyoning gʻamini unutib oʻynaymiz. Qorin toʻq, ust-bosh butun, qaygʻu yoʻq. Shu alfozda umrimizning dastabki davrlarini oila davrasida oʻtkazamiz. Bora-bora hayotimizda jiddiy oʻzgarishlar yuz bera boshlaydi. Esimizni tanigan kundan dunyo ishlarini anglay boshlaymiz. Tugʻishganlarimizni koʻrsak, quvonamiz, qiynalsa yordam beramiz, yigʻlasa yupatamiz. Qoʻlda borini beramiz. Bunday imkoniyatingiz bor ekan, demak, bu hayotingizning oltin davri.
Biroq hayot hayotligini qiladi, farzandlar turmush tashvishlari bilan boʻlib, qushdek qanot qoqib, har tarafga tarqalib ketishadi. Hayot tashvishlari sabab, baʼzan bir-birovimizning dilimizni ogʻritamiz. Biroq baribir qondoshmizda, tezda yarashib, apoq-chapoq boʻlib ketamiz. Birga tugʻilish bor-u, birga yashamoq yoʻq, degan soʻzlarning maʼnosini tushuna boshlaymiz.
Bir-birovdan qanchalik arazlasak ham bizni murosaga keltiradigan ota-onalarimiz boʻladi. Ular bizga sabrli, kechirimli, mehribon boʻlishni uqtiradi. Shu bois, koʻnglimizda mehr nuri soʻnmaydi.
Hayot haqiqati shunday. Vaqt oʻtib, oʻgʻil farzand ota uyida hayotini davom ettiradi. Qiz farzand esa nasibasi qoʻshilgan yangi uyda umrguzaronlik qiladi. Hayot esa doimo bir maromda davom etavermaydi. Umr hammaga ham bir tekis shirin qand bermagan. Har kim oʻz yoʻlida, oʻz oilasi tashvishida, oʻzi bilan oʻzi ovora. Qiz bolaning mehribon opasi, singlisi boʻlsin. Oʻgʻil bolaning ogʻa-inisi boʻlsin. Sababi, yaqin tugʻishganlarning qozoni boʻlak boʻlgani bilan qaygʻusi bir. Qiz farzand turmush qurib, boshqa oila aʼzosi boʻlib ketsa ham ota uyiga mehribonligicha qoladi. Ota-onasi biror muhtojlikka yoʻliqsa, har doim yordam qoʻlini choʻza olmaydi. Faqat yaxshilik tilaydi, xolos.
Men hech kimni bunday paytlarda aybdor sanamayman. Tilagim, hech kimning yuragida qora niyat boʻlmasin. Ilohim, oʻzimizga sabr bersin. Pok niyatli hech kimni yoʻldan adashtirmasin. Allohim bergan sinovli kunlarni bardosh bilan yengib oʻtaylik. Tosh bilan urganni osh bilan urib, yengishni oʻrganaylik. Kamtarin boʻlaylik.
Bizga ham bir kuni kelib, el oldida yaxshi nom bilan tanilish nasib etsin. Onamiz bergan oq sutini oqlaylik. Ortimizdan faqat ezgu ishlar, yaxshi nom qolsin.
Juldiz SULTANOVA,
Kuyuk koʻpir ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶