NOGIRONLAR JAMIYaTI AMUDARYo TUMAN BOʻLINMASI GRANT TANLOVI GʻOLIBI BOʻLDI
Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz imkoniyatlari darajasida kasb-hunar oʻrganishlari, intiluvchan, bilimga chanqoq, nogironligi boʻlan yoshlarning oʻz bilimlarini oshirish, dunyoqarashlarini kengaytirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarni toʻsiqsiz amalga oshirish maqsadida Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilinib kelinayotgan tanlovlarda ishtirok etib, bir necha marta tanlov gʻolibi boʻlganligi tufayli boʻlinma aʼzolarining kasb-hunarli boʻlishlari, ayrim imkoniyati cheklangan yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun sharoit yaratildi. Yoshlar kasbga oʻrgatilib, umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilimlarini mustahkamladilar, kompyuter texnologiyalari boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Oʻtgan 2021-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan “Yangi Renessans intirokchilari” grant tanlovida “Jismoniy imkoniyati cheklangan oʻsmirlar va yoshlarni intellektual mehnat faoliyatiga jalb qilish” yoʻnalishi boʻyicha oʻz loyihasi bilan ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Joriy yilning 21-yanvar sanasida Amudaryo muhandislik texnikumi binosida boʻlinma tanlovda qoʻlga kiritgan mazkur yutuq boʻyicha taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
Taqdimot marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Diniy ishlar boʻyicha Qoʻmitaning Amudaryo tuman boʻyicha mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Amudaryo tuman Kengashi raisi Sardor Ismoilov, Amudaryo muhandislik texnikumi direktorining oʻrinbosari Shuhrat Matirzayevlar ishtirok etishib, Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi raisi Nilufar Xolboyevani mamlakat miqyosidagi nufuzli tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijaga erishgani va gʻolib boʻlganliklari bilan tabrikladilar.
Oʻz navbatida boʻlinma raisi Nilufar Xolboyeva tumanimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan iqtidorli oʻsmirlar va yoshlarning oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun ularni intellektual mehnat faoliyatiga jalb etish borasida loyihada amalga oshirish koʻzda tutilgan vazifalar hamda loyihani bajarishdan kutilayotgan natijalar haqida batafsil toʻxtaldi.
Shuningdek, taqdimot marosimida soʻzga chiqqanlar loyihaning imkoniyati cheklangan oʻsmirlar va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdagi ahamiyati xususida soʻz yuritdilar.
Aytish joizki, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari ushbu toifadagi shaxslarning huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga takliflar kiritish, vakolatli davlat organlari bilan birgalikda sport, maʼrifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoʻli bilan ishtirok etishi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman boʻlinmasi xodimlari ham nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatdda faol ishtirok etishiga koʻmaklashish orqali ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratishga hissa qoʻshib kelmoqda.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶