TANLOV GʻOLIBLARI ANIQLANDI
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman boʻlinmasi tomonidan “Obod mahallam” nomli grant loyihasining ish rejasi asosida turli tadbirlar, uchrashuvlar, tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Mazkur loyihaning maqsadi – atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshlarish organlari nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan hamkorlikda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, aholining ekologiyaga oid bilimlarini kengaytirish maqsadida uchrashuvlar, davra suhbatlar, tanlovlar tashkil qilish, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qoʻshishdan iborat.
Shuningdek, loyihaning ish rejasi boʻyicha “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Toʻlqin ovulida 70 sotix yerda, Bobur, Qumyop, Choykoʻl ovullarining har birida 20 sotix yerda, Qilichboy ovulida 10 sotix yerda, Farovon mahallasida 5 sotix yerda “Mahalla bogʻi”ni yaratish koʻzda tutilgan.
Ushbu ezgu ishlarga yoshlar, maktab oʻquvchilarini ham jalb qilish maqsadida hududlardagi maktab oʻquvchilari oʻrtasida insholar tanlovlari oʻtkazilib kelinmoqda.
Bundan koʻzlangan maqsad esa maktab oʻquvchilarining ona tabiat, oʻsimliklar va hayvonot olami haqidagi bilimlarini oʻziga xos tarzda sinovdan oʻtkazish, ularning orzu umidlarini, intilishlarini ommaga tanishtirishdir.
Aholi, ayniqsa yoshlarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, tabiiy resurslarni tejashga daʼvat qilish, ularning ekologiyaga oid bilimlarini oshirish maqsadida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda Qilichboy hududidagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Koʻchat ekish – ezgu anʼana” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazildi. Tanlovda hududdagi 14 ta umumtaʼlim maktablaridan kelgan tabiatsevar, ijodkor oʻquvchilar ishtirok etdilar.
Tanlov ishtirokchilari tabiat, oʻsimliklar va ularni avaylab asrash borasida chuqur bilimlarga ega ekanliklarini namoyish qildilar.
Tanlov yakuniga koʻra, 17-sonli maktabning 9-sinf oʻquvchisi Marjona Egamberganova “Mavzuga oid eng yorqin fikrlari uchun” 1-oʻringa, 73-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Komila Gulimmatova “Eng yaxshi tahliliy fikrlari uchun” 2-oʻringa, 83-sonli maktabning 8-sinf oʻquvchisi Ozoda Rajabboyeva “Eng yaxshi, samimiy fikrlari uchun” 3-oʻringa munosib deb topildi.
Shuningdek, 35-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Gulasal Xolimbetova, 84-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Mardona Raximboyeva, 15-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi Munisa Imomaddinovalar “Shaxsiy fikrini ravon bayon qilgani uchun” sovrindorlar safidan joy oldilar.
Gʻolib va sovrindorlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman boʻlinmasi tomonidan sovgʻalar va Maqtov yorliqlari topshirildi. Boʻlinma boshligʻi Bahodir Boltaboyev gʻolib va sovrindorlarni tabriklab oʻqish va ona tabiatni asrash kabi ezgu ishlarida yutuqlar tiladi.
Oʻrozali Reyimov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶