“HAMShIRA - 2023” TANLOVINING TUMAN BOSQIChI OʻTKAZILDI
Yurtimizda aholi sogʻligʻini saqlash borasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida qator islohotlar joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoni bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga asos boʻlayotir.
Farmonga muvofiq oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “Tibbiyot brigadalari” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Chekka hududlar aholisiga ham sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish qamrovini oshirish uchun “Tibbiyot brigadalari”dagi bir nafar shifokor va malakali oʻrta tibbiyot xodimlari zimmasiga muayayn majburiyatlarni ham yuklaydi.
Umuman, hamshiralik ishi aholiga malakali va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishida muhim oʻrin tutadi. Boisi, nafaqat muolajasi, balki madaniyatli muomalasi, shirin soʻzi bilan ham bemorlar koʻnglida sogʻayishiga umid uygʻotib, dalda boʻluvchi kasb egalari hamshiralardir. Shuning uchun ham ularning kasbiy mahoratini, tibbiy bilimlarini oshirib borishiga ragʻbatlantirish maqsadida har yili hamshiralar tanlovini oʻtkazish anʼanaga aylangan.
19-aprel kuni Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasi koʻptarmoqli markaziy poliklinikasi majlislar zalida “Hamshira – 2023” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi qaroriga asosan barcha tumanlarda oʻtkazilayotgan buningdek tadbirlar tibbiyot birlashmalarida, davolash-profilaktika muassasalarida mehnat qilayotgan oʻrta tabbiyot va farmatsevtika xodimlarining oʻz kasbiy malaka va bilimlarini namoyon etadigan minbari boʻlmoqda, deyish mumkin. Shuningdek, ular orasida oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, oʻz kasbiga masʼuliyatini oshirish, ular orasida sogʻlom raqobat muhiti shakllanishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Koʻrik-tanlovda tuman Tibbiyot birlashmasi va unga qarashli tibbiy muassasalarda faoliyat yuritayotgan 5 nafar iqtidorli va tajribali hamshiralar ishtirok etdilar. Ularning kasbiy faoliyatiga doir bilimi va mahorati tajribali shikoforlar tomonidan haqqoniy baholab borildi.
Tuman Tibbiyot birlashmasining Reanimatsiya boʻlimi hamshirasi Muhayyo Jumamurodova tanlovning tuman bosqichi gʻolibi deb topildi va “Hamshira – 2023” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Barcha ishtirokchilar – Komila Hayitboyeva, Nodira Soliyeva, Muhayyo Jumamurodova, Shahnoza Jumaboyeva, Dinora Yoʻldoshevalarning tanlovdagi ishtiroki yuqori baholandi va ragʻbatlantirildi.
Tumanimizda bemorlar dardiga malham boʻlishdek mashaqqatli kasbda mehnat qilayotgan 1463 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari tuman Tibbiyot birlashmasi, markaziy shifoxona, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika hamda 9 ta oilaviy poliklinika, 4 ta oilaviy shifokorlik punktlari xodimlaridir. Ularning 156 nafari oliy, 212 nafari birinchi, 375 nafari esa ikkinchi toifali hamshiralardir.
Oʻtkazilgan tanlov ularni oʻz kasbida sidqidildan mehnat qilishga, oʻqib-izlanishga va kasbiy mahoratini oshirib borishga ragʻbatlantirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶