YuRT RAVNAQI UChUN KURAShIShGA MASʼULMIZ
Davrimiz shiddat bilan rivojlanmoqda. Har kunimiz yangilanishlar, oʻsish-oʻzgarishlar bilan kechmoqda. Bugun xalqimiz farovon, eng muhimi, tinch va osoyishta yashamoqda. Aholining turmush darajasi yildan-yilga oshmoqda.
Prezidentimiz I.A.Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi maʼruzasini tinglar ekanman, bir voqea esimga tushdi.
Istiqlolning ilk yillari edi. Aholi uchun zarur mahsulotlar jon boshiga hisoblab, tarqatilar edi. Turmush oʻrtogʻi bevaqt vafot etib, bolalari yosh qolgan hamkasb opamiz navbatga yoziladi-yu, vaqtida ulgura olmay, unini ola olmaydi. Darsim tugagach, oʻqituvchilar xonasiga kirsam, u koʻz yoshini toʻxtata olmay yigʻlar, yonidagi muallimlar unga tasalli berishardi. Shunda yoshi ulugʻ oʻqituvchilardan biri: "Shukr qilinglar, hali bu kunlar ham oʻtib ketadi, un degani uylarimizda qoplari bilan turadi”, – dedi. Oʻshanda uning gaplari xuddi ertaga amalga oshadiganday yengil tortgan, qiynalib qolgan hamkasbimiz bilan borimizni baham koʻrgan edik.
Bugun dasturxonlarimizning toʻkin-sochinligi, hamyurtlarimizning hayotidan mamnunligi, ertagi kunimiz bundan ham yaxshi boʻlishi uchun yelib-yugurib mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib, rizqimizning ziyodaligiga ming bor shukronalar aytsak arziydi.
Bularning barchasi mamlakatimizda uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar natijasi ekanligini his qilamiz.
2015-yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini yanada oshirish koʻzda tutilmoqda. Yurtboshimiz I.A.Karimov oʻz maʼruzalarida bu boradagi ustuvor vazifalarni sanay turib: "...maqsad-muddaolarimizning roʻyobga chiqishi, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va totuvlik muhitining barqaror boʻlishi barchamizga, har birimizning oʻz joyimizda bizga ishonib topshirilgan vazifani qay darajada masʼuliyat bilan ado etishimizga bogʻliq ekanligini unutmasligimizni istardim”,– dedilar. Maʼruzani tinglab, yuqorida aytganim – 24-yil oldin boʻlgan voqea esimga tushdi. Oʻsha kunlarimiz bilan bugungi hayotimizni solishtirsak, shu oʻtgan qisqa muddatda mamlakatimizda nechogʻlik ulkan yuksalishlarga erishilganini anglash oson boʻladi. Bugun xalqimiz rizqining butunligini, tinch-osoyishta yashash uchun imkoniyatlar mavjudligini, yurtimizda farovon yashash uchun bunyodkorlik ishlari davom etayotganligini oʻylar ekanman, bu jarayonlar har birimizga daxldor ekanligini chuqur his qilaman.
Sanobar XOʻJAMURODOVA,
40-sonli maktab direktori, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶