Maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashda oʻyinlarga asoslangan mashgʻulotlarning ahamiyati
Maktabgacha yoshdagi bolalarning qalbida bilim olishga qiziqish va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini singdirish uchun mashgʻulotlar davomida dars mavzularini oʻyinlarga asoslangan uslublardan samarali foydalangan holda tashkil etish zarur. Chunki bu davrda bolalar juda oʻyinqaroq boʻlib, doʻstlari bilan xar hil oʻyinlarni oʻynab vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻrishadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalangan bolalar boshlangʻich bilimlar va milliy qadriyatlarimizni oʻrganish davomida oʻziga xos iqtidori shakllanib, alohida shaxs sifatida ulgʻaya boshlaydi. Bolalar yoshiga mos milliy ertaklarni tinglash va qadriyatlarimiz aks etgan multfilimlarni tomosha qilish orqali ularda atrof muhit va insonlarga nisbatan munosabat shakllanadi.
Oʻzbek borki, farzandiga bolalik davridan boshlab kattalarni hurmat qilishni, ularga qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda salom berishni oʻrgatadi. Tarbiyachi taʼlimiy jarayonda bu odatlarni tarbiyalanuvchilarga guruh shaklidagi oʻyinlar yordamida obrazli qilib tushuntirsa, bolalarning oʻzlashtirishi oson boʻladi. Bunda oʻyin ishtirokchilari ertak qahramonlarini gavdalantirib, ustoz-shogird, aka-uka, ota-ona va farzand obrazida muloqot qilishlari kerak.
Atrof-muhitni ozoda saqlash insonlarga xos fazilat hisoblanadi. Bu odatni farzandlarimizga bolalik davridan boshlab oʻrgatishimiz zarur. Mashgʻulotlar vaqtida tarbiyalanuvchilarni guruhlarga ajratgan holda xonalarini, yotish oʻrnini kim tez va chiroyli qilib tozalashni musobaqa tarzida oʻrgatish orqali bu vazifalarni kundalik faoliyatining ajralmas qismiga aylantirishimiz mumkin. Oʻz xonasini va yotish oʻrnini toza saqlashga odatlangan bola tabiatga beparvo boʻlmaydi.
Inson tarbiyasini dasturxonda oʻtirish va ovqatlanish odobidan ham bilishimiz mumkin. Biz tarbiyachilar bolalarning xatti-harakatidan oilasidagi maʼnaviy muhit haqida muayyan axborotga ega boʻlamiz. Ayrim bolalar tushlik payti katta yoshdagi odamlardek tartib bilan ovqatlanishsa, ayrim bolalar bu qoidalarga unchalik amal qilishmaydi. Dasturxonda oʻtirish va ovqatlanish odobini ham oʻyin shaklida oʻrgatsak, bolalar qiziquvchanlik bilan tez oʻzlashtiradi. Oʻyin shartiga koʻra, bolalar yakka tartibda ovqatlanishdan oldin va keyin qilinadigan amallarni bajarishadi. Qolgan ishtirokchilar esa tengdoshining harakatlarini baholaydi. Masalan, kimdir ovqatlanishdan oldin qoʻlini yuvmasligi, qoshiqni ataylab oʻng qoʻlda ushlamasligi yoki dasturxonda odob bilan oʻtirmasligi mumkin. Bu xatolarni topgan bolalar esa har xil shaklda ragʻbatlantiriladi.
Donishmandlar beshikdan to qabrgacha ilm izla, deb bejizga aytishmagan. Ilm va kasb-kor oʻrganishning erta kechi boʻlmaydi. Bogʻcha yoshidagi bolalarni sahifasi qiziqarli suratlar bilan bezalgan, muqovasi bola eʼtiborni jalb qiladigan chiroyli kitoblar bilan tanishtirish orqali ularda kitoblarga nisbatan qiziqish uygʻotishimiz mumkin. Oʻyin shartiga koʻra kimdir kutubxonachi, kimdir kitob savdogari yana boshqa bola oʻqituvchi boʻlishi mumkin. Oʻyin jarayonidagi munosabat bolalarda kitobning nima ekanligini anglatadi.
Bugungi kunda maktabgacha taʼlim tashkilotlari farzandlarimizning shunchaki vaqt oʻtkazadigan manzili emas, balki yetuk tarbiya koʻradigan maʼnaviyat maskanidir. Ular bu dargohda boshlangʻich bilimlar bilan bir qatorda qadriyatimizga aylangan odatlarimizni ham oʻrganishadi.
Surayyo Bozorboyeva, Amudaryo tumani 40-sonli DMTT tarbiyachisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶