“INFOLIB OʻZBEKISTON – 2024” XIII MILLIY AXBOROT-KUTUBXONA HAFTALIGINING YoPILISh MAROSIMI OʻTKAZILDI
Joriy yilning 21-25-oktyabr kunlari butun Oʻzbekiston boʻylab “Infolib Oʻzbekiston – 2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi va “Yangi Oʻzbekiston kutubxonalari – yangi kuch, yangi imkoniyatlar, yangi marralar” shiori ostida yosh kutubxonachilar IV forumi boʻlib oʻtdi.
“Infolib Oʻzbekiston – 2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida, belgilangan reja asosida oʻtkazilgan turli xil adabiy kechalar, davra suhbatlari, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, yosh kitobxonlar oʻrtasida bellashuvlar, savol-javob kechalari, yangi kitoblar taqdimotlari va kitob targʻibotlarida yuzlab kitobsevarlar ishtirok etishdi.
Bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar Amudaryo tumanida ham koʻtarinki ruhda oʻtkazilib, tuman Axborot-kutubxona markazi haftalik davomida barcha toifadagi kitobxonlar bilan gavjum boʻldi.
Haftalik doirasida oʻtkazilgan faxriy ustozlar, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlarda hozirgi zamon oʻzbek va jahon adabiyotining durdona asarlari, mumtoz adabiyotimiz namunalaridan iborat kitoblar yuzasidan kitobxonlar oʻrtasida oʻzaro fikr almashuvlar, savol-javoblar oʻtkazilib, biri-biridan qiziqarli hikoyalar, kitobxonlarning oʻzlari oʻqigan asarlardan olgan taassurotlari tinglandi. Ayniqsa, yangi kitoblar targʻiboti va taqdimotiga bagʻishlangan tadbirlar yanada qiziqarli tasssurotlarga boy boʻldi.
Ushbu tadbirlar orqali amudaryolik kitobsevarlar bugungi adabiy jarayon bilan yaqindan tanishish bilan birga, taniqli shoir va yozuvchilarning yangi asarlari haqidagi maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Joriy yilning 25-oktyabr sanasida Amudaryo tuman axborot-kutubxona markazida mazkur haftalikning yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda koʻplab yoshlarning sevimli ustozi, ardoqli nuroniy Pardagul hoji ona Oʻrozboyeva hamda shoira Zulfiya Olloyorova, shuningdek, amudaryolik yosh, havaskor shoiralar, Amudaryo muhandislik texnikumining kutubxonashunoslik yoʻnalishi talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida yosh, havaskor shoira qizlarning yangi chop etilgan kitoblari taqdimoti oʻtkazildi. Unda shoira qizlar oʻzlarining ilk toʻplamlariga kiritilgan sheʼrlarning mazmun-mohiyati, ularni sheʼriyat maydoniga yetaklab olib kirgan omillar, ustozlari haqida toʻlqinlanib gapirib berdilar.
Shundan soʻng shoira Zulfiya Olloyorova tadbir ishtirokchilariga oʻzining hayoti va faoliyati haqida soʻzlab berdi.
Faxriy ustoz Pardagul hoji ona Oʻrozboyeva esa yosh avlodni milliy-maʼnaviy qadriyatlarga sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida uzoq yillar davomida olib borgan pedagogik faoliyati xususida yoshlar bilan maroqli suhbat qurib, suhbat asnosida oʻzining qimmatli maslahatlarini berdi. Shuningdek, onaxon komil inson boʻlish uchun har kimning shaxsiy kutubxonasi boʻlishi zarurligi, kitob insonni har tomonlama yetuk shaxs sifatida shakllantirishga qodir qudratli kuchga egaligini alohida taʼkidladi.
Yosh kitobxonlar Pardagul hoji ona bilan suhbatdan katta taassurotlar oldilar va oʻzlarini qiziqtirgan savollargi hoji ona tomonidan berilgan javoblardan minnatdor boʻlganliklarini izhor etdilar.
Darvoqe, kitob insonni komillikka yetaklaydi, kuch va yuksak salohiyat, bilim beradi. Bilim esa qalbga ziyo, nur, maʼnaviy quvvat demakdir. Ayniqsa, yoshlarning baxt-u kamoli osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida oʻrni bor. Chunki yaxshi kitob – insonda Vatanga boʻlgan muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Amudaryo tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan “Infolib Oʻzbekiston – 2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning barchasi kitobsevarlar uchun chinakam ilm-u ziyo, nur ulashish tadbirlari sifatida yoqimli taassurotlarga boy boʻldi.
Rohatoy Romanova, tuman Axborot-kutubxana markazi bibliografiya xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶