Jangchi faxriylar mehnati eʼtirof etildi
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jamiyatning muhim vazifalaridan biri. Bu borada fidokorona mehnat qilib, oʻz hayotini yoshlar tarbiyasiga bagʻishlagan insonlar eʼtirof etilishi esa haqli ravishda tahsinga loyiqdir.
Yaqinda Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi tomonidan amudaryolik ikki nafar jangchi faxriy – Ikrom Rajabov va Baxtiyor Qilichevlar “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali bilan taqdirlandilar.
Ikrom Rajabov 1967-yilda Amudaryo tumanida ziyoli oilada tugʻilgan. 1984-yilda Toshkent Politexnika institutiga oʻqishga qabul qilingan. Bir yil oʻtgach, harbiy xizmatga chaqirilib, Turkmanistondagi Tedjon shahrida boshlangʻich harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan. Keyinchalik Afgʻonistonda xizmat qilib, 1987-yilda Vatanga qaytgan. Toshkent Politexnika instituti harbiy kafedrasida oʻqishni davom ettirib, 1990-yilda leytenant unvoniga sazovor boʻlgan. Hozirda tuman Elektr taʼminoti korxonasida mehnat qilmoqda.
Baxtiyor Qilichev esa 1960-yil 17-fevralda Amudaryo tumani Xolimbeg ovulida tugʻilgan. U ham harbiy xizmatni sobiq Germaniya Demokratik Respublikasi va Afgʻonistonda xizmat oʻtagan. Harbiy xizmatdan soʻng Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olgan. Koʻp yillar mobaynida tumandagi 35-sonli maktabda boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi sifatida mehnat qilgan. Hozirda nafaqada boʻlsa-da, yoshlarga vatanparvarlik saboqlarini berishda faol ishtirok etmoqda.
Faxriylarimiz yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qoʻshgan hissasi bilan ibrat namunasi sanaladi. Ular qilgan xizmatlar jamiyatimizda eʼtirof etilishi esa Vatanga sadoqat va fidoyilik qadrlanishining yorqin dalilidir.
Shohzod Qurbonboyev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶