Qangli ovulida davlat-xususiy sheriklik asosida yangi toʻyxona foydalanishga topshirildi
Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida"gi qonuni asosida ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu qonunning yorqin namunasi Amudaryo tumanining olis Qangli ovulida ham amaliy ifodasini topdi. Koʻp yillardan beri foydalanilmay kelgan va taʼmirga muhtoj boʻlib qolgan "Sado" madaniyat markazi binosi davlat-xususiy sheriklik asosida toʻliq qayta taʼmirlanib, zamonaviy toʻyxonaga aylantirildi. Loyiha tadbirkor Rashid Tursunboyev tomonidan amalga oshirildi.
Qayta rekonstruktsiya qilingan binoning tantanali ochilish marosimi katta shodiyona bilan oʻtdi. Unda tuman hokimi oʻrinbosari, investitsiya va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Hamza Haytimbetov, Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tumani boʻlimi boshligʻi Alisher Yuldashev, "Mahalla yettiligi" aʼzolari, nuroniylar, mahalla imomi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek, olis hududlarda ham ijtimoiy infratuzilma obʼektlari barpo qilishga katta eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Aytish joizki, ushbu loyihaning umumiy qiymati 2.5 milliard soʻmni tashkil etdi. Tadbirkorning saʼy-harakatlari natijasida dastlabki rejada koʻzda tutilgan 20 ta yangi ish oʻrnidan hozirda 10 tasi yaratildi. Demak, Qangli ovulidagi 10 ta xonadon qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻldi. Tadbirkor kelajakda toʻyxonani yanada kengaytirib, mehmonlar uchun qoʻshimcha sharoitlar va qulayliklar yaratishni rejalashtirmoqda.
Madaniyat vazirligi bilan 2024-yil 13-noyabrda imzolangan kelishuvga koʻra, loyihani ishga tushirish muddati 2-yil etib belgilangan edi. Biroq, tadbirkorning saʼy-harakatlari tufayli obʼekt bir yilga yaqin muddat ichida foydalanishga topshirildi. Bu esa tadbirkorlik subʼektlari uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulayliklarning, berilgan imkoniyatdan tadbirkorlar qay darajada unumli foydalanishining amaldagi namunasi boʻldi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat byudjetiga yuklamani kamaytiradi. Xususiy investorlar loyihalarga oʻz mablagʻlarini kiritadi, bu esa davlat tomonidan koʻp yillik byudjet ajratmalarini talab qilmaydi. Natijada, ijtimoiy obʼektlar, yaʼni maktablar, bogʻchalar, sport majmualari, sogʻliqni saqlash va madaniyat muassasalari qurilishi va rekonstruktsiyasi tezlashadi.
Qolaversa, xususiy sektor loyihalarni amalga oshirishda davlatga qaraganda koʻproq samaradorlik va moslashuvchanlikka ega. Tadbirkorlar oʻz mablagʻlarini kiritgani sababli, ular ish jarayonini optimallashtirish, xarajatlarni kamaytirish va loyihalarni belgilangan muddatdan oldin yakunlashdan manfaatdor boʻlishadi. Bu oʻz navbatida, qurilish va xizmat koʻrsatish sifatining oshishiga ham olib keladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida ish boshlagan yangi toʻyxona sababli endilikda Qangli ovuli aholisi toʻy va boshqa oilaviy marosimlarni oʻtkazish uchun uzoq yoʻl bosib, Qipchoq shaharchasi yoki tuman markaziga borishga majbur boʻlmaydi. Zamonaviy va shinam toʻyxonaning oʻz ovullarida ish boshlashi ularga katta qulaylik yaratdi. Ushbu loyiha nafaqat infratuzilma muammosini hal qildi, balki hududda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi farovonligini oshirishda ham muhim vosita boʻldi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶