Xalq bilan birga: O‘zLiDePdan amaliy tashabbuslar va xayrli ishlar
Bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan zamonda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olib, yangi taraqqiyot bosqichini boshlab bermoqda. Ushbu jarayonlar nafaqat davlat boshqaruvi, balki siyosiy institutlar, xususan, siyosiy partiyalar zimmasiga ham ulkan masʼuliyat yuklamoqda. Bugungi kunning ustuvor talabi — aholi bilan yaqin muloqot oʻrnatish, odamlarni qiynayotgan muammolarga tezkor va eng muhimi, amaliy yechim topishdan iboratdir. Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayonini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbus boʻlmoqda.
Yurtimizning barcha hududlarida ushbu dastur doirasida targʻibot va amaliy ishlar izchillik bilan olib borilmoqda. Eng eʼtiborli jihati shundaki, dastur qabul qilinganidan soʻng uning ijrosiga zudlik bilan kirishildi. Bu esa partiyaning soʻzdan amaliyotga oʻtish tamoyiliga qatʼiy amal qilayotganidan dalolat beradi. Bugun O‘zLiDeP faollari, deputatlar va koʻngilli volontyorlar mahallabay ishlash tizimi asosida eng chekka hududlarga, har bir xonadonga kirib bormoqda.
Xususan, Amudaryo tumanida ham “Xalq bilan birga” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga loyiq. Tumanning Beruniy va Durunki mahallalarida “Farovonlikka tomon ilk qadam” mavzusida oʻtkazilgan muhokamalar aholi bilan ochiq va samarali muloqotning yorqin namunasi boʻldi.
Mazkur tadbirlarda partiya vakillari, deputatlar va jamoatchilik faollari ishtirok etib, yoshlar va xotin-qizlarni qiynayotgan masalalarni atroflicha tahlil qildilar. Uchrashuvda partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi masʼullari, tuman Kengashi apparat rahbari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Yaxshimurod Ahmedov, partiyadan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Ilhom Polvonov hamda mahalliy kengash deputatlari Madamin Kazakov va Sayyora Jumamurotovalar ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini tingladilar.
Muhokamalar davomida asosiy eʼtibor har bir mahallaning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, mavjud muammolar xaritasini shakllantirishga qaratildi. Muloqotlar davomida aholining kasb-hunarga oʻqishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, ularni tadbirkorlikka yoʻnaltirish va qayta tayyorlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, ijtimoiy masalalar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Masalan, Oʻrta qalʼa ovulida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan bolalar maydonchasi qurish va ichki yoʻllarni taʼmirlash kabi dolzarb masalalar koʻtarildi.
Partiyaning inson kapitaliga boʻlgan eʼtibori Durunki mahallasidagi 56-sonli maktabda oʻtkazilgan uchrashuvda yana bir bor namoyon boʻldi. Tadbirning eng quvonarli jihati shundaki, maktab oʻquvchilari uchun “Deputat stipendiyasi” joriy etildi. Ushbu tashabbus orqali aʼlo baholarda oʻqiyotgan, biroq ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlash va ularni bilim olishga yanada ruhlantirish maqsad qilingan. Uchrashuvda soʻzga chiqqan Joʻqorgʻi Kenges deputati Ilhom Polvonov va boshqa xalq vakillari yoshlar taʼlimi kelajak taraqqiyotining mustahkam poydevori ekanini alohida taʼkidladilar. Bu kabi xayrli ishlar partiyaning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy masʼuliyatni ham teran his etishini koʻrsatadi.
Shuningdek, partiya tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Bir oila — bir homiy” aktsiyasi doirasidagi ishlar ham yurtdoshlarimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinmoqda. Aktsiya doirasida deputat Ilhom Polvonov Tosh yop ovulida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila holidan xabar oldi. Oilaning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida, xonadon sohiblarining qizi — Malohatning tibbiyot sohasida taʼlim olish orzusi qoʻllab-quvvatlandi. Deputat talaba qizning kontrakt toʻlovini toʻlab berish vazifasini oʻz zimmasiga oldi. Bunday olijanob qadamlar faqatgina moddiy yordam berish emas, balki insonlarning bilim olishi va kasb-hunar egallashiga sharoit yaratish orqali ularning hayotda oʻz oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashishdek xayrli maqsadlarga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida qilinayotgan har bir ish O‘zLiDePning xalq manfaatlarini ustuvor deb bilishining amaliy tasdigʻidir. Partiya tomonidan koʻrsatilayotgan bu kabi tashabbuslar har bir fuqaroning hayotida ijobiy oʻzgarishlar yasashga, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi. Zero, xalq bilan tillasha olgan, uning dardiga malham boʻla olgan siyosiy kuchgina jamiyatning chinakam tayanchiga va yetakchisiga aylanadi. Bunday izchil saʼy-harakatlar nafaqat partiyaning nufuzini oshiradi, balki mamlakatimizning yanada gullab-yashnashi va farovonligiga qoʻshilgan salmoqli hissa boʻlib qoladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶