Vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning munosib eʼtirofi
Kelajak bunyodkorlarini mardlik va jasorat ruhida tarbiyalayotgan fidoyi ustozlarning mehnati har doim ham yuksak eʼtirof etib kelinadi. Tumanimizdagi 17-sonli umumtaʼlim maktabida faoliyat yuritayotgan yosh va gʻayratli pedagoglardan biri Asadbek Qurbonboyev ham ana shunday masʼuliyatli kasb egalaridan hisoblanadi.
2000-yilda Xolimbeg ovulida tavallud topgan Asadbek Qurbonboyev oʻz hayotini bevosita yoshlar tarbiyasiga bagʻishlashga qaror qilgan fidoyilardan biridir. U 2026-yilning yanvar oyidan boshlab mazkur 17-sonli maktabda Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimida ish boshlab, qisqa vaqt ichida oʻquvchilar oʻrtasida harbiy bilimlarni ommalashtirish va ularning jismoniy tayyorgarligini oshirishda sezilarli natijalarga erishdi.
Uning tinimsiz izlanishlari va pedagoglik mahorati tufayli maktab oʻquvchilari turli harbiy-sport musobaqalarida yuqori koʻrsatkichlarni qayd etib kelmoqda. Jumladan, yaqinda boʻlib oʻtgan "Yosh chegarachilar" harbiy-sport musobaqasida Asadbek Qurbonboyev boshchiligida tayyorgarlik koʻrgan oʻquvchilar jamoasi Amudaryo tumani bosqichida faxrli 1-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Bu muvaffaqiyatli odimning mantiqiy davomi sifatida, 29-aprel kuni oʻtkazilgan mazkur musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ham "Sarhad" jamoasi munosib ishtirok etib, faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bunday yuqori natijalar, shubhasiz, yosh rahbarning toʻgʻri tanlangan oʻquv metodikasi va tinimsiz mehnatining yorqin samrasidir.
Asadbekning ana shunday fidokorona mehnatlari va yoshlar avlodini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qoʻshayotgan ulkan hissasi munosib eʼtirof etilib, maktabda maxsus tantanali yigʻilish tashkil etildi.
Maktabning butun jamoasi ishtirok etgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Oʻzbekiston "VETERAN" jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi vakillari mehmon boʻlishdi. Uchrashuvda birlashmaning Qoraqalpogʻiston boʻlimi Amudaryo tumanidagi vakili Bahodir Jumaniyozov hamda birlashma faollari va faxriylari Ozod Jumaniyozov va Shavkat Saidboyevlar ishtirok etib, yigʻilganlarga oʻzlarining dil soʻzlarini izhor qildilar.
Ular yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning bugungi kundagi muhim ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtib, maktabning Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari Asadbek Qurbonboyevni nufuzli mukofot bilan taqdirladilar. Yosh mutaxassisga uning mashaqqatli mehnatlarining munosib eʼtirofi sifatida «Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun» medali va maxsus guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu eʼtirof va yuksak mukofot nafaqat birgina oʻqituvchining, balki butun maktab jamoasining ulkan yutugʻi boʻlib, kelgusida yoshlarni yanada barkamol, jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk etib tarbiyalash yoʻlida yangi kuch hamda ilhom bagʻishlashi shubhasiz.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶