Tadbirkor – elga madadkor
Mangʻit shahrining Beruniy nomli mahallasida istiqomat qiluvchi Nazirboy aka Murodovning oilasi uchun yakunlangan yil muvaffaqiyatli boʻldi. 40-yil haydovchilik qilib, oila tebratgan Nazirboy aka keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlarga havasi kelib, "Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻldi, temir listlardan eshik, darvozalar yasay boshladi.
"Ot izini toy bosadi”, deganlariday, oʻgʻli Maʼmurjon ham otasiga koʻmakdosh boʻlib yurib, qoʻli ancha ishga kelishib qolganidan quvongan ota 2016-yil boshida "Maʼmurjon” oilaviy korxonasini tashkil etib, oʻgʻlining ustachilik bilan jiddiy shugʻullanishiga sharoit yaratib berdi.
– Maqtanish boʻlmasin-u yasagan temir eshik, darvozalarimiz juda pishiq ishlangan. Ustidan urilgan boʻyoq xuddi idish-tovoqlarning siriday, qor-yomgʻirda ham koʻchmaydi, rangi aynimaydi, – deydi kulib Nazirboy aka.
Uyi oldidagi fuqarolarning buyurtmasiga koʻra tayyorlangan eshik, darvozalarni sinchiklab koʻrsangiz, haqiqatan ham mahsulot sifatiga havasingiz keladi. Shuning uchun ham xaridorgir.
- Kelgusi yilda korxonamizga imorat qurib, ishlab chiqarishni kengaytirish niyatimiz bor. Qurilish tashkilotlaridan oʻz mahsulotimizga mijozlar topishga harakat qilayapmiz. Shunda uch-toʻrt nafar kollej bitiruvchilarini ham ishga qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlamiz, – deydi Maʼmurjon oʻzicha hisob-kitob qilib.
Harakatda – barakat, - deydi dono xalqimiz. Maʼmurjonning ham yangi yilda ezgu niyatlari ijobat boʻlishiga ishongimiz keladi.
Oygul RAJABOVA,
Mahmudjon ShOMURODOV, gazetaning maxsus muxbirlari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶