Joy nomlari – boy tariximiz koʻzgusi
Serquyosh mamlakatimizning har bir hududi – shahar, qishloqlari oʻziga xos boy tarixga ega. Har bir hudud qadim-qadimdan oʻz tarixi, unda yashagan ajdodlarimiz hayoti va tafakkuri aks etuvchi nomlar bilan atalib kelingan. Biroq milliyligimiz aks etib turgan bunday atamalar oʻrniga sobiq ittifoq davrida xalqimizning mentalitetiga yot turli mavhum, rus tilidagi "Mira”, "Solnechnaya”, "Olimpiya” kabi soʻzlar yoki xorijlik shaxslar familiyalari bilan guzar, ovul, shahar yoki koʻchalar nomlanib kelingan edi.
Yurtboshimiz rahnamoligida milliy maʼnaviyatimizni tiklash, boy tarixiy merosimizni chuqur oʻrganish, anʼana va qadriyatlarimizni saqlash va yanada boyitish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, oʻzligimizni aks ettiruvchi joy nomlari qayta tiklanmoqda. 2011-yil 12-oktyabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining "Geografik obʼektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bunda muhim dasturilamal boʻlayotir. Qonunga muvofiq nomlar geografik obʼektga xos boʻlgan belgilarni aks ettirishi, mazkur obʼekt joylashgan mavjud tizimga mos tushishi, mahalliy aholining fikr va mulohazalari inobatga olingan holda qoida tariqasida koʻpi bilan uchta soʻzdan iborat boʻlishi zarur.
Mazkur Qonun asosida ayni kunda geografik obʼektlar nomlarining Davlat reyestri yaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktyabrda qabul qilingan "Geografik obʼektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obʼektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori asosida "Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi huzurida Respublika toponimika xizmati tashkil qilinib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etayotir va har bir joy oʻziga xos, takrorlanmas nomlar bilan atalishi ustida ish olib borilayotir.
"Geografik obʼektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida viloyatlar, tumanlar, shaharlar, qishloqlar va ovullar bir xil nom bilan atalishi taʼqiqlanadi. Shu talabdan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan tahlil oʻtkazilganida, 2013-yil 1-yanvar holatiga 53 ta shaharcha, 84 qishloq fuqarolar yigʻini, mingdan ortiq aholi punktlari aynan bir xil nom bilan atalib kelinayotganligi aniqlangan.
Ayni kunda ushbu tahlillar asosida joylardagi aholining, oqsoqollarning fikr-mulohazalari inobatga olingan holda bunday takroriy nomlarni oʻzgartish, milliyligimiz, tariximizni aks ettiruvchi nomlar bilan atash boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Tumanimizda ham geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi tuzilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktyabrdagi "Geografik obʼektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq "Geografik obʼektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish haqida”gi 295-sonli qarori, Geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi bayoni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasining 01-08/9-06/407-sonli majlisi bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida amaliy ishlar qilinmoqda.
Shu maqsadda tuzilgan tuman komissiyasi mavjud hudud va geografik obʼektlarning nomlarini shu yerlik aholi va oqsoqollar, faollar fikrlarini inobatga olgan holda nomlash va qayta nomlash masalasi boʻyicha takliflarini ishlab chiqadi va respublika komissiyasiga taqdim etadi.
Bunda tarixiy shaxslardan tashqari biror bir shaxsning nomi bilan ataladigan geografik obʼekt qolmaydi.
Nomlari oʻzgargan va nomlari oʻzgarmay qolgan geografik obʼektlarga koʻrinarli qilib, oʻz davlat tilimizda zamonaviy, milliy dizaynda koʻrsatkich peshlavhalar oʻrnatiladi.
Geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha qabul qilingan qarorlarga asosan joylardagi tashkilot, muassasa va idoralarning rasmiy blankalari, pochta manzili va boshqa hujjatlarga tegishli oʻzgartish kiritiladi va shunga muvofiq fuqarolar pasportlari tegishli ravishda qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Joy nomlari bizning oʻzligimiz, milliyligimiz, boy tariximiz koʻzgusidir. Shubhasiz, geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash ishlari yoshlarimiz qalbida ona yurtga muhabbat, tariximiz va milliy qadriyatlarimizga ehtirom tuygʻularini kamol toptirishga xizmat qiladi.
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://kun.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶