ISTIQLOL QOʻShIGʻI
Bagʻringda qushdayin yengilman,
Chamaning ichra shoʻx bulbulman.
Yengilmas qoʻrgʻonman! Yengilmam,
Moziydan to bugun oʻlmagan,
Ona Yurt, men senga ildizman!
Ildizman, mehringdan suv ichgan,
Hurlik, deb hur soʻzga ergashgan.
Istiqlol tongiga nur sochgan,
Samolar bagʻrida sirlashgan,
Ona yurt, boshingda yulduzman!
Somon yoʻl oʻzimman sen uchun,
Bagʻrini ochgaydir keng ochun.
Seni deb yashayman tun-u kun,
Fidoman oʻzbaki shaʼn uchun,
Ona yurt, poyingda dengizman!
Dengizman, dunyolar bir qadam,
Bir qadam orzu ham, armon ham.
Oʻzbaki soʻz aytsam ellar ham,
Suv ichar koʻngillar-koʻngildan,
Ona yurt, shunchalar tengsizman!
Tengsizman, ilmda, irfonda,
Moziy ham dalillar har onda.
Kolumblar boʻlmagan zamonda,
Amriqo ochdim men Turonda –
Beruniy bobomdan bir izman.
Samolar toqida mavjim bor,
Qalbimda choʻng ilmi nujum bor.
Jahoniy shahdim bor, avjim bor,
Ulugʻbek irfoni – ganjim bor –
Maʼrifat mulkida yulduzman!
Jaranglar sochganda ovozim,
Dunyoni lol etdi parvozim.
Maydonni titratgan eng azim
Oʻgʻlonlar jismida zoʻr jazm –
"Onajon!” – deb turgan taʼzimman!
Xalqim, deb jon nisor adoman,
Vatanim, degan sor, sadoman.
Hurriyat qulf urgan maʼvoman,
Yurt – menga, men – yurtga fidoman,
Men ERKdan yaralgan tuzumman.
Tuzumman – tinch, sokin saltanat –
Baxtga yor har elat va millat.
Madh etdim: davlatmand bu davlat
Quyoshi hech botmas mamlakat –
Jahonga nur sochgan kunduzman!
Ne mardlar ot surgan maydonim,
Navoiy nazm aytgan ayvonim.
Hoqoni eng odil arkonim –
Ona Yurt! Ey, ota makonim –
Poyingda fidoyi ildizman!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶