Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!
Buyuk kelajakni yaratishda xalq asosiy kuch hisoblanadi. Tarixdan maʼlumki, mamlakatni yuksaltirishda aksariyat davlatlar xalq bilan birgalikda koʻp ishlar amalga oshirgan. Bu asrlar davomida oʻz isbotini topgan haqiqatdir.
Mustaqillikka erishilgandan keyin, Oʻzbekistonda ham koʻplab islohotlar amalga oshirildi. Va, albatta, bu islohotlar xalq bilan hamjihatlikda amalga oshirildi.
Joriy Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ham bu hamjihatlikni uzviy davom ettirish maqsadida koʻplab tadbirlar amalga oshirilmoqda hamda mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro bunga jalb etilmoqda. Yaqinda 10-sentyabr kuni tumanimizga ham Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Mudofaa vazirliklari, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, "Oʻzbekkino” milliy agentligi, hokimliklar hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir munosabati bilan Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda taniqli boʻlgan shoir, aktyor, xonandalardan iborat targʻibot guruhi tashrif buyurib aholi va asosan yoshlar bilan uchrashib "Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” mazmunidagi tadbirini oʻtkazdilar. Tadbir jarayonida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda nashr etilgan "Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” kitobi mazmun-mohiyati, undagi gʻoyalar va uni amalga oshirishda xalq bilan hamjihatlikning ahamiyati, islohotlar jadalligining ortishiga har bir inson hissa qoʻshishi lozimligi haqida keng tushunchalar berildi.
Tadbir – asosan yoshlar faoliyat koʻrsatadigan joylarda, yaʼni 40-sonli maktabda, NDPi qoshidagi 3-sonli akademik litseyida, Qipchoq ovuli hududidagi 21-sonli musiqa va sanʼat maktabi, Amudaryo agrobiznes qishloq xoʻjalik kolleji, 9-sonli musiqa maktabi, Amudaryo Qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejlarida yoshlar oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazish bilan boshlandi.
- Uchrashuv bizga juda katta ruh berdi, - deydi 21-sonli musiqa va sanʼat maktabi direktori Nuraddin Yoqubov tadbirdan soʻng. – Ayniqsa, oʻquvchi-yoshlarimiz targʻibot guruhi bilan tashrif buyurgan Oʻzbekiston Drama teatri aktyori Shohruh Kamolov va Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Bozorboy Nazarimbetov, estarada qoʻshiqchisi Doniyorbeklarning yurt kelajagini yaratishga munosib hissa qoʻshish har birimizning burchimiz ekanligi haqidagi soʻzlarini hayajon bilan tingladilar. Umid qilamizki, ishtirok etgan har bir yosh yuragidagi Vatanga boʻlgan mehr-muhabbati yanada mustahkamlandi va bunyodkorlik ishlariga hissa qoʻshishga ishtiyoqi yanada ortdi.
Uchrashuvlarda xalq nazaridagi insonlar – Oʻzbekiston kino sanʼatida oʻz oʻrniga ega aktyor va kino rejissyor Hilol Nasimov, Oʻzbekiston Davlat drama teatri aktyori Shohruh Kamolov, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Bozorboy Nazarimbetov Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, shoir va tarjimon Asror Moʻminov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq shoiri, "Amudaryo” jurnali bosh muharriri Asror Moʻminov va boshqalar hamda koʻpgina taniqli xonandalar ishtirok etdilar.
- Amudaryolik yoshlardagi shijoat, dadillik, qiziquvchanlik bizni juda toʻlqinlantirdi. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini tizimli amalga oshirish borasida va yurt istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan qator islohotlarni yuritishda oʻzlarining oʻrni haqida toʻliq tushunchaga egaligiga biz suhbat davomida ishonch hosil qildik va bundan mamnun boʻldik. Chunki, ertaga jamiyatimizni mana shu yoshlar istiqbolga yetaklaydi, - deydi Oʻzbekiston Drama teatri aktyori Shohruh Kamolov.
Muloqot tarzida oʻtkazilgan uchrashuvlarda tuman yoshlari faol ishtirok etib, el nazaridagi bu insonlardan oʻzlari qiziqtirgan savollarga yetarlicha javob oldilar. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan yoshlar yurt kelajagini yaratishda, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda har bir inson, ayniqsa yoshlar harakati, shijoati muhim oʻrin tutishini ruhan his qildilar.
Tadbir tumandagi Vaxum aholi punktidagi oʻyingohda taniqli xonandalar ishtirokidagi gala kontsert namoyishi bilan davom ettirildi. Ularning yurtga sadoqat, Vatanga cheksiz muhabbatni tarannum etuvchi qoʻshiqlari tuman ahlining ruhiyatiga koʻtarinkilik bagʻishlab katta taassurot qoldirdi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.
Mavzuga oid fotolavhalar bilan quyidagi manzilda tanishishingiz mumkin.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶