YaShASh UChUN QULAY MUHIT YaRATISh YOʻLIDA
Yurtimiz haqida gapirganimizda, albatta, jannatmakon degan soʻzni qoʻshib aytgimiz kelaveradi. Bu – avvalo koʻz ochib koʻrgan, kindik qonimiz tomgan ota makonimizga mehrimizning ifodasi, qolaversa, Oʻzbekiston tabiatining betakrorligi, yilning toʻrt faslida ham quyosh nur sochib, koʻngillarni ravshan etib turishi, ona zaminimiz saxovati bilan boshqa yurtlardan ajralib turishiga ishoradir.
Chor-atrofimizni oʻrab turgan olamning musaffoligi, goʻzalligini saqlash, fuqarolar uchun qulay yashash sharoitlari yaratish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan saʼy-harakatlar hududlarning toza, orastaligini yanada yaxshilash, ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 21 aprelda qabul qilgan "2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan "Toza hudud” davlat unitar korxonasi yurtimiz ekologiya va sanitariya holatini yanada yaxshilashda, shahar va qishloqlarimizning obod va koʻrkam, fayzli boʻlishida muhim ahamiyatga ega.
Qarorga muvofiq, korxonaning tumanimizda ham filiali tashkil etildi va faoliyatini boshlab yubordi.
"Toza hudud” davlat unitar korxonasining tumanimizdagi filiali boshligʻi Ikrom Karimov bilan uchrashib, undan amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirib berishini iltimos qildik.
– "Toza hudud” davlat unitar korxonasi tashkil etilib, har bir shahar, tumanlarda uning filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani mamlakatimiz fuqarolari sogʻligini saqlashga, ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgandir.
Qarorga muvofiq, filialimizning bankda hisob raqami ochilib, Nizomi ishlab chiqildi. Obodonlashtirish boshqarmasidagi shu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan ishchilar va texnikalar yangi korxonaga oʻtkazildi. Obodonlashtirish boshqarmasi faqat tuman markazidagi koʻchalardan haftasiga 2-marta chiqindi tashigan boʻlsa, korxonamiz endilikda tuman aholisining 70 foizidan ziyodi istiqomat qiladigan qishloqlarni ham qamrab olmoqda.
Tuman Obodonlashtirish boshqarmasining chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha hududdagi xoʻjalik subʼektlari bilan shartnoma asosida olib borgan ishlari talab darajasida emasdi. Chunki chiqindilarni toʻplash, tashib ketish, zararsizlantirish va yoʻqotish uchun kuch, mablagʻ yetishmasdi.
Endilikda Prezidentimizning yuqorida taʼkidlangan Qarori asosida tashkil etilgan filialimizda tumanimiz hududini toza hududga aylantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Maxsus texnika va konteynerlar bilan taʼminlash, poligonlar hamda maxsus avtogarajlar qurish uchun mablagʻlar ajratilmoqda, korxona, tashkilotlar va jismoniy shaxslar bilan maishiy chiqindilarni yigʻish va tashib ketish xizmati boʻyicha shartnomalar tuzilmoqda.
Shu kungacha filialimiz tomonidan 66 ta yuridik tashkilotlar va 3452 nafar jismoniy shaxslar bilan maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmati koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzdik va shu asosda faoliyat olib borayapmiz.
Maqsadimiz oʻzimiz istiqomat qiladigan hududimizning toza, orastaligiga erishish, sogʻlom yashash uchun zarur muhit yaratishdir.
Suhbatdosh Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶