ShINAM VA ARZON UY-JOYLAR QIShLOQLARIMIZ KOʻRKIGA KOʻRK BAGʻIShLAMOQDA
Oila – jamiyatning kichik bir boʻlagi, deya eʼtirof etiladi. Chunki oilalarda turmush yaxshi boʻlsa, ular farovon hayot kechirsa, jamiyatga koʻrk bagʻishlaydi va mamlakat ravnaq topadi.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov xalqning turmush tarzini yaxshilash va oilalarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida namunaviy loyihadagi uy-joylar qurilishini yoʻlga qoʻygan edilar. Ayniqsa, qishloqlarda yashovchi aholi turmush tarzi yaxshilanishida ahamiyat kasb etayotgan sohadagi mazkur islohot davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan uzviy davom ettirilib, 2016-yil 21-oktyabrda "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida” Qaror qabul qilindi.
Arzon, zamonaviy va shinam uy-joylar qarorga asosan imtiyozli ipoteka krediti asosida berilishi aholiga katta qulaylik yaratdi. Dastur boʻyicha arzon uy-joylar uch turdagi koʻrinishda qurilishi nazarda tutildi. Rejaga muvofiq, ularga ajratilishi kerak boʻlgan maydonlar hamda tayyor boʻlgan uyning narxlarining taxminiy qiymatlari ishlab chiqildi.
– Maydonning qanchaligi va narxlar qandayligi talabgorlarni qiziqtirishi tabiiy, – deya maʼlumot beradi tuman hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari U.Polvonov. – 16 xonadonli 2 qavatli uydagi har bir ikki xonali xonadonning narxi taxminan 74 mln. soʻm atrofida boʻlishi rejalashtirildi. Uch xonali xonadonlar joylashgan 16 xonadonli, koʻp qavatli uylar esa oʻrtacha narxi 85 mln. soʻm boʻlishi belgilandi. Undan tashqari, xonadonlar egalarining talab va istaklari inobatga olinib, hovlida bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar va boshqalar qurish nazarda tutilgan. Shuningdek, 0,02 ga maydonda joylashadigan uch xonali uylar narxi oʻrtacha 119 mln. soʻm boʻlishi rejalashtirildi. 0,04 ga yerga quriladigan uylar yagona blokka birlashtiriladigan ikki qavatli va toʻrt xonali xonadonlar hisoblanadi. Ularga mahalliy sharoitdan kelib chiqib yer maydonlari ajratiladi va narxlari taxminan 206 mln. soʻmni tashkil etishi mumkinligi belgilandi.
Oilalardagi yillik daromad oʻrtacha hisoblab chiqiladigan boʻlsa, uy-joylarning keltirilgan bu narxlari biroz qimmat tuyulishi mumkin. Biroq, tashvishga aslo hojat yoʻq. Chunki, qarorga muvofiq mazkur uy-joylar uchun jismoniy shaxslarga banklarda uzoq muddatli kreditlar ajratilishi va bu kreditlardan foydalanganlik uchun imtiyozlar ham berilishi yoʻlga qoʻyilgan. Faqat uy-joylar qurilishi aholining oʻz mablagʻi, yaʼni boshlangʻich badal hisobidan moliyalashtirilishi tufayli bunday xonadonga ega boʻlishni istaydigan talabgorlar uyning turiga qarab koʻrsatilgan foizlarda boshlangʻich badal toʻlashlari kerak boʻladi.

– Tumanimizda uy-joyga ehtiyojmandlar juda koʻp. Aholi talabidan kelib chiqib, sharoitga koʻra, tumanda qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 122 ta uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda 122 ta xonadonda oxirgi pardozlash ishlari ketmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashriflarida, arzonlashtirilgan uy-joylarga talabgorlarning koʻpligini inobatga olib, qurilayotgan uylar sonini yana koʻpaytirish takliflarini kiritdilar. Bu taklif ayni muddao boʻldi va tumanimizda yana 75 ta uyning qurilish ishlari boshlab yuborildi. Uy-joylarini oʻz egalariga tezda topshirish uchun shu kunlarda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda, – deydi tuman uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi mutaxassisi O.Madraimov.
Arzonlashtirilgan uy-joylar tumanimizdagi «Yuqori Tuvilgʻa», «Toshyop», «Oʻrta qalʼa» ovulidagi «Vaxum», «Daryo boʻyi» mahallasidagi «Besh tom» massivlarida qad rostlamoqda. Hademay ular qurib bitkazilib, oʻz egalariga topshiriladi va tumanimizdagi koʻpgina oilalar zamonaviy, qulay sharoitlar yaratilgan, shinam uylarga ega boʻladilar. Davlatimiz aholiga qisqa fursat ichida mana shunday uyga ega boʻlish imkoniyatini yaratmoqda. Chunki, mamlakatimizda kichik bir boʻlak boʻlgan oilalar – jamiyat koʻrki sifatida eʼtirof etiladi. Zero, oilada farovonlik boʻlsa, jamiyat ravnaq topadi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶