MAʼNAVIYaT FIDOYISI
Inson hayoti bebaho. Uning bebaholigini anglab qadriga yetib, munosib, goʻzal va ibratli hayot kechirayotgan insonlar oramizda juda koʻp. Ha, bunday insonlar nafaqat oʻz umrini mazmunli yashaydi, balki atrofdagilarning ham yuragiga ziyo boʻlib kirib, hayot yoʻllarini yoritadi.
Hayotini yosh avlodga bilim berishga bagʻishlagan ziyoli va kamtarin, fidoyi inson Ahmad aka Masharipovni tumanda deyarli hamma taniydi. Chunki, Ahmad aka Masharipov taʼlim sohasida koʻp yillar fidokorona mehnat qilib, yuzlab shogirdlar yetishtirdi va oilada farzandlarini ham el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazdi.
Ahmad Masharipov oliy oʻquv yurtini 1969-yilda tugatdi va sobiq Strelkov nomidagi oʻrta maktabga fizika fani oʻqituvchisi boʻlib ishga keldi. Soʻngra tumandagi 36-sonli, 38-sonli maktablarda ish faoliyatini davom ettirdi. Keyinchalik 1984-yildan (shu davrda yangi qurilgan) 40-sonli maktabda ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va maktab direktori lavozimlarida 2000-yilga qadar faoliyat koʻrsatdi. Shu davrlar mobaynida Ahmad aka Masharipov koʻplab shogirdlar tayyorladi. Mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, dastlab "Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi”, "Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” unvonlari bilan hamda "Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20-yil” koʻkrak nishoni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi Vazirligining, tuman hokimligining faxriy yorliq va sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Ahmad aka umr yoʻldoshi rahmatlik Nurposhsha opa bilan 7 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Hozir nevaralari 24 nafar, chevaralari esa 9 nafar boʻlishdi. Ular ham otalarining izidan borib, ilm yoʻlini tanlashdi.
Ahmad aka oilada farzandlarini kitoblarga, mutolaaga mehr qoʻyishga oʻrgatdi. Shunday muhit yaratdiki, ularning har biri hayotni kitoblardan oʻrganib, oʻzlariga munosib kelajak yaratdilar va oʻz oʻrinlarini topdilar. Mana shu muhitdan kelib chiqib, farzandi Ulugʻbek 2001-yildan tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydi va kitoblar savdosi bilan shugʻullanib, keyinchalik unga butun oilani jalb etdi.
– U davrlarda kitoblarga eʼtibor biroz susaya boshlagandek edi, – deya soʻzlaydi Ahmad aka Masharipov. – Men farzandim Ulugʻbekning bu tashabbusini qoʻllab-quvvatladim. Kitob – insonlar hayotiga ziyo boʻlib kiradi. Yurtdoshlarimizga ziyo ulashish istagida tashkil etilgan firmamizning faoliyatini yanada kengaytirmoqdamiz. "Sharq”, "Oʻzbekiston” kabi 6 ta nashriyot bilan shartnoma tuzib, turli kitoblar keltirishni yoʻlga qoʻyganmiz. Kelajakda "Kitoblar olami” majmuasini tashkil etib, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targʻibot ishlariga oʻz hissamni qoʻshishni burchim deb bilaman. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalari bilan taʼminlasak, ularning dunyoqarashi, tafakkuri yuksaladi hamda mamlakatimizda vatanparvar va xalqparvar insonlar safi yanada kengayadi.
Ahmad aka Masharipovning koʻnglidagi mana shunday ezgu niyatlari, oilasi, yuzlab shogirdlari va kitoblari bor bisotidir. U mana shu bisotini bebaho boylik deb biladi. Bu qarashlari esa uning oʻzi yaratgan mazmunli va goʻzal hayotida aks etadi. Ahmad aka Masharipov shogirdlari, farzandlari va el-yurt ehtiromiga sazovor inson. Chunki, u hayotlarga ziyo boʻlib kirib, insonlarni maʼnaviyat sari yetaklamoqda!
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶