DEPUTAT: HUNARMANDLAR QOʻLLAB-QUVVATLANADI
Istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga, qadimiy anʼanalarni qayta tiklashga alohida eʼtibor qaratilmoqda hamda bu boradagi tegishli qonun hujjatlari asosida hunarmandlar faoliyati kengaytirilishiga katta imkoniyat yaratildi. Ayniqsa, xalq amaliy sanʼatining koʻhna turlarini tiklash va rivojlantirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi.
Bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini saqlab qolish, hunarmandchilik bilan shugʻullanishga yoshlar va ayollarni, ishsiz aholini jalb qilib, ularni qoʻllab-quvvatlash kabi maqsadlar koʻzlangan mazkur farmonda hunarmandlarga oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonda hunarmandlarga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kreditlar berish, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilish hamda respublikamizning tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va “Ustoz-shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi. “Hunarmand” uyushmasi saflariga hunarmandlarning keng ommasini qamrab olish, hunarmandchilikning kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli mustaqil yoʻnalishiga aylanishiga yoʻl bermayotgan uyushmaning cheklangan salohiyati bilan bogʻliq muammolarni hal qilish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar ham koʻrsatilgan.
Shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini yaratish nazarda tutilgan. Farmonning eng muhim jihati shundan iboratki, unda hunarmandchilikni rivojlantirish sohasida mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlari tajribasida ilk bor hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha manzilli dasturlar tasdiqlanib, yangi ish oʻrinlari yaratilishini koʻzda tutuvchi loyihalar amalga oshiriladi.
Hunarmandchilik bilan shugʻullanuvchilarni ragʻbatlantirish oilalar turmush darajasining yanada yaxshilanishiga olib keladi. Ular uchun barcha shart-sharoitlar, qulayliklar yaratilishi hunarmandchilik faoliyatlari samaradorligini oshiradi. Bu esa partiyamiz ustav faoliyatining muhim yoʻnalishi boʻlmish yangi ish oʻrinlari yaratilishiga hamda xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini toʻliq saqlab qolishga, ularni yanada koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Maqsud SAʼDULLAYeV, OʻzXDP Amudaryo tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶