Prezident Farmoni: 1-apreldan FHDYo organlari tuman hokimliklariga boʻysundiriladi
2018-yil 2-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi.
Farmonning asosiy jihatlariga eʼtiboringizni qaratamiz:
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlandi.
2018-yil 1-apreldan fuqarolar yigʻinlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi oʻrniga har bir fuqarolar yigʻinida 1 tadan, oilalar soni 2000 va undan ortiq boʻlgan fuqarolar yigʻinlarida esa 2 tadan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
2018-yil 1-apreldan boshlab FHDYo organlari ularning nikoh munosabatlariga oid aktlarni rasmiylashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrashishlarning oldini olish bilan bogʻliq boʻlgan asosiy faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tuman (shahar) hokimliklariga boʻysundiriladi. FHDYo organi, “Oila” markazining tuman (shahar) boʻlimi hamda xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha boshqa tuzilmalar faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish tuman (shahar) hokimi oʻrinbosari – xotin-qizlar qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklatildi.
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifga rozilik berildi.
Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida “ayollar maslahatxonalari”ni tashkil etish boʻlib, bu maslahatxonalar bevosita joylarda oʻsmir qizlar va fertil yoshidagi ayollarga zarur maslahatlarni beradi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorlarga berish belgilandi.
“Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Qabul qilingan Farmon xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, ularning oila va jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlashga, salohiyatini toʻla namoyon etishiga, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶