BOLA POK BOʻLIB TUGʻILADI, UNING QALBIGA DOGʻ TUShIRMAYLIK!
Aslida goʻdak dunyoga pok boʻlib keladi. Ulgʻaya boshlagach, oiladagi nosogʻlom turmush tarzi, atrofidagilarning notoʻgʻri munosabatlari, yo xulqi yomon tengqurlariga qoʻshilib qolishi uning tarbiyasi qiyin bolalar guruhiga kirib qolishiga sababchi boʻlishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar farzandi ostona hatlab koʻchaga oʻynagani yo biron mashgʻulot turi bilan shugʻullanish uchun ketayotganida uning atrofida qanday hamrohlari borligiga, albatta, qiziqishlari, xulqini muntazam nazorat qilib borishlari, har qanday oʻzgarishlarga befarq boʻlmasligi lozim.
Taʼlim maskanlari tarbiyasi ogʻir bolalarni munosib xulq-atvorli qilib qayta tarbiyalashda muhim rol oʻynaydi. Xususan, ustozlari unga ham boshqa oʻquvchilar qatori xayrixohlik bilan munosabatda boʻlishi, sinfdoshlari bilan orasida doʻstona munosabat oʻrnatishga intilishi, ijobiy tomonga oʻzgarishiga erishishi lozim.
Shunday tarbiya amallari borki, ularni samarali tashkil etish, amalga oshirish ijobiy natijalarga olib keladi.
Izlanishlar va kuzatishlar xulosasiga koʻra, tarbiya amallarini maqsad va yoʻnalishidan kelib chiqqan holda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga tarbiyachining tarbiyalanuvchiga murojaat etishi orqali uning shaxsiy ehtiyojlarini aniqlash yordamida tashkil etiladigan amallar kiradi.
Bunda yordam koʻrsatishga ehtiyoj aniqlanadi va tarbiyachi tarbiyalanuvchiga maslahat maʼnosida murojaat qilib, oʻz muammolari haqida soʻzlab berishini soʻraydi va shu asnoda muammoni yechish yoʻllarini topadi.
Yaxshi xatti-harakatlarga yoʻnalish berish amalidan tarbiyalanuvchilarga yordam zarur boʻlganda foydalaniladi. Bunda ijobiy hatti-harakatlarga alohida urgʻu beriladi.
Hayot istiqbolini belgilashga koʻmaklashish amalida pedagog suhbat jarayonida tarbiyalanuvchining hayot rejalariga aniqlik kiritadi. Shundan soʻng tarbiyalanuvchining rejalarini amalga oshirishiga koʻmak beradi.
Oʻzi va boshqalar haqida soʻzlab berish amalida tarbiyalanuvchiga oʻtgan kunlari haqida hikoya yozishni tavsiya etadi. Tarbiyalanuvchining oʻtgan kunlaridan koʻngli toʻlmaydi. Shundan soʻng, ularga boshqacha yashash mumkinligi aytiladi.
Mening idealim amalida esa suhbat jarayonida tarbiyalanuvchilarning ideali aniqlanadi va uning ijobiy axloqiy sifatlari ajratilib, baholanadi.
Tarbiyalanuvchilar uchun ertak, ertakterapiya gʻoyalarini bajarish uchun foydalaniladi. Tarbiyachilar qahramonlari tarbiyalanuvchilarga va ularning atrofdagilariga oʻxshagan kishilar ishtirokida ertak tuzadilar. Ertak oxirida pedagog va oʻquvchilar oʻzaro mulohaza yuritadilar.
Ikkinchi guruhga guruh faoliyatini tashkil etishga asoslangan tarbiya amallarini kiritish mumkin.
Ushbu toifa tarbiya amallaridan biri fikrlar estafetasi boʻlib, oʻquvchilar berilgan mavzu boʻyicha zanjirsimon tarzda biridan soʻngra ikkinchisi soʻzlaydi, bir-birini toʻldiradi, aniqlik kiritadi.
Oʻzini oʻzi ruhlantirish amalida oʻquvchilar guruhlarga ajratilib, bir-biriga maʼlum savollar bilan murojaat qiladilar, berilgan savol va javoblar solishtirilib, soʻngra muhokama qilinadi.
Erkin mavzuda suhbatlashish amalida har bir tarbiyalanuvchi oʻzi qiziqadigan biror mavzu boʻyicha hikoya tuzadi va guruhdagilarga hikoya qilib beradi.
Koʻrsatma berish amalida tarbiyalanuvchilarga muomalaga va xulq-atvor qoidalariga tayanib, berilgan topshiriqlarni bajarish soʻraladi. Tarbiyalanuvchilar oʻyin qoidalariga muvofiq oʻz mulohazalarini berishlari mumkin. Takliflar jarayonida har bir tarbiyalanuvchining mavqeini himoyalash inobatga olinadi.
Rollarni taqsimlash amalida esa tarbiyalanuvchilar berilgan mavzuni bilishiga qarab, rollar taqsimlanadi va ular topshiriqni bajarishi soʻraladi.
Shu tarzda tarbiyasi ogʻir bolalarni ijobiy tomonga oʻzgartirishga harakat qilib, yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Tarbiyasi ogʻir bolalar ham oʻz bolalarimiz. Shu boisdan ularni ham esli-hushli, intellektual salohiyatli, odobli, bilimli qilib voyaga yetkazish barcha ustoz-murabbiylarning, maktab psixologining masʼuliyatli vazifasidir.
Nilufar TAJIMURODOVA, 38-maktab
amaliyotchi-psixologi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶