Ayollar – mahalla koʻrki
Har bir jamiyatda ayollarning oʻrni, nufuzi alohida. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham. Mamlakatimizda ham jamiyatimiz rivojiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshayotgan, yurtimiz dovrugʻini dunyoga taratayotgan, farzandlari tarbiyasi uchun qaygʻurayotgan, jamoatchilik ishlarida oʻzining faolligi bilan ajralib turgan ayollar koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlaganidek, ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz barchamiz qaysi kasbda ishlamaylik, qayerda taʼlim olmaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz.
Donishmandlarning "Qaysidir millatning nimalarga qodirligini bilmoqchi boʻlsang, uning ayoliga boq” degan hikmati bor. Chindan ham har bir xalq – ayolning mahsulidir. Meva daraxtdan ustun boʻla olmaganidek, farzand ham onasidan ustun boʻlolmaydi. Demak, ayolning qudratiga qarab uning tarbiyalayotgan farzandiga baho berish mumkin ekan. Shu oʻrinda qaysidir xalqning kelajagini tasavvur qilmoqchi boʻlsangiz, uning ayolga boʻlgan munosabatiga nazar soling, degim keladi. Zero, ayolga hurmat-ehtirom, unga gʻamxoʻrlik – kelajakka gʻamxoʻrlikdir. Ayolini ulugʻlagan millatning kelajagi albatta buyuk boʻladi. Shunday ekan, aziz ayollarni 8-mart – Xotin-qizlar bayrami bilan tabriklash ularning kuchiga kuch, shijoat qoʻshishiga shubha yoʻq.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashi tomonidan tashkil qilingan “Ayollar mahalla koʻrki” deb nomlangan bayram tadbiri 6-mart kuni Mangʻit iqtisodiyot kasb hunar kollejida boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbir mahalla hayotida faol ishtirok etayotgan ayollar, oʻz farzandlari tarbiyasiga katta eʼtibor qaratayotgan, yoshlarning ulkan muvaffaqiyat va gʻalabalariga oʻz hissasini qoʻshayotgan onalarni bayram bilan tabriklash maqsadida tashkil qilindi.
Tadbirni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Ashirboy Qoʻshayev ochdi va muhtarama ayollarni bayram bilan tabrikladi.
Tadbirda oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, oilalarda tinchlik va totuvlikni saqlash, turli nizolarning oldini olish, oilada ota – onaning sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashdagi oʻrni va rolini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida fuqarolar yigʻinlarida tashkil etilgan “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari, shungidek, mahalla maslahatchilari ishtirok etdilar.
Mahalla institutini mustahkamlashga oʻzining hissasini qoʻshayotgan, mahallasining faxri va gʻururi boʻlgan onaxon-qaynonalarga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashi tomonidan tayyorlangan bayram sovgʻalari topshirildi.
Tadbir davomida 21-sonli musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari va oʻqituvchilari tomonidan ijro qilingan kuy-qoʻshiqlar mehmonlarga zavq va shavq bagʻishladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶