“BOGʻ” MAHALLASIDAGI XAYRLI HAShAR
Hashar – xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bobomeros udumlaridan birigina emas, ulugʻ ajdodlardan bizlarga yetib kelgan buyuk maʼnaviy meros hamdir. El-yurtni bir ezgu maqsad yoʻlida birlashtiruvchi ana shu udum oʻzining xalqchilligi, goʻzal anʼanalari bilan boyib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotganining mazmun-mohiyati ham ana shunda – bu udum xalqning maʼnaviy mulki ekanligida.
Hashar, ayniqsa mamlakatimizda hayit va bayram kunlari arafasida, fasllar almashayotgan paytlarda avj oladi. Juda qadim-qadimdan ehtiyojmand insonlarning hovli-joylarini qurish va taʼmirlash, koʻpriklar va yoʻllar qurish, mahallalar guzarlarini, qabriston va masjidlarni obodonlashtirish kabi ishlar hashar yili bilan ado etilgan.
Bizning Amudaryo tumanimizda ham bu bobomeros udumga katta eʼtibor va hurmat bilan qaraladi. Muhtoj fuqarolarning uy-joylarini taʼmirlash, tomorqa yerlariga ishlov berish, mahallalarda keng miqyosdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib boriladi. Xususan, tumanimiz markazidagi “Yusuf Eshon bobo”, “Choykoʻl” ovulidagi “Noʻgʻay Eshon bobo”, “Bobo Rustam”, “Qilichboy” ovulidagi “Yoqub Eshon bobo”, Qipchoq qishlogʻidagi “Hoji Eshon bobo” jomʼe masjidlari “Shayx Jalil ota” ziyoratgohidagi maqbara xalq hashari va homiyligi bilan bunyod etilgan. Bunday misollar talaygina.
Navroʻz – umumxalq bayrami arafasida “Bogʻ” MFY aholisi ham xayrli ishga qoʻl urdilar. MFY oqsoqoli Maqsud Haytakov rahbarligida mahalla hududidagi “Hoji Eshon bobo” qabristoni atrofiga ihota devori qurish ishlari boshlab yuborildi.
–Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida mazkur qabriston atrofiga qurilgan ihota devoriga sifatsiz qurilish ashyolari ishlatilgani uchun qor-yomgʻir taʼsirida namlanib, nurab tushgan edi, – deydi “Bogʻ” MFY oqsoqoli Maqsud Haytakov. – Qabriston devorini qayta tiklash bir-ikki kishining qoʻlidan kelmaydi, albatta. Bu borada tumanimiz hokimi Sultonboy Yoʻldoshevning koʻrsatmasi va begʻaraz yordami xalqimizga madad boʻldi, hasharni boshlab yubordik.
Hasharga butun “Bogʻ” MFY aholisi baholi qudrat hissa qoʻshish istagini bildirishdi. Qabriston devori poydevori uchun tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan zarur tosh mahsulotlari yetkazib berildi. Qurilish ishlarida har kuni 25-30 nafar mahalla yoshlari faollik koʻrsatishmoqda. Uzunligi 340 metr boʻlgan qabriston devorini tiklashda ishtirok etayotgan hasharchilarga koʻngilli aholi tomonidan issiq ovqat tashkil etilayotgani bois, amalga oshirilayotgan qurilish ishlari tez va sifatli bajarilmoqda. Mahalla imomlari Komil Bobojonov, Qurol Eshchonov, mahallaqoʻm raislari Erkin Jumanov, Yusufboy Xoʻjanov, Jumanazar Sobirov va Ibragim Eshimbetovlar quruvchi-yoshlarga oʻz maslahatlari bilan koʻmakdosh boʻlishmoqda.
–Oʻtganlar xotirasiga hurmat va ehtirom bilan qarash har birimizning burchimiz, – deydi MFY raisi Maqsud Haytakov. – Qabriston esa har bir musulmonning oxirat manzili. Bu yerda olib borilayotgan qurilish ham, xalqimizning hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari ham ota-bobolarimiz xotirasiga xalqimizning hurmat va eʼtiboridir.
R.YOʻLDOShEVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶