Ommaviy kitobxonlik oyligi oʻtkazilmoqda
Mamlakatimizda kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha qilinayotgan ishlar Muhtaram Prezidentimizning alohida eʼtibori tufayli yangi pogʻonalarga koʻtarilmoqda.
«Taraqqiyot koʻzgusi» gazetasi tahririyati va “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida bu borada koʻpgina tadbirlar amalga oshirilmoqda.
«Jayxun ilhomlari» NNT tomonidan birgina keyingi 2-yilning oʻzida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan moliyalashtirgan “Yuksak maʼnaviyatli avlod – yurt kelajagi”, “Biz yoshlar – yot gʻoyalarga qarshimiz” loyihalari doirasida tumanimiz aholisi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish maqsadida “Maʼnaviyat kunlari”, “Kitob sayllari”, “Koʻchma kutubxona” kabi tadbirlar, “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman” aktsiyalari oʻtkazilib yaxshi natijalarga erishildi.
2015-yilda tahririyat va NNT hamkorligida tashkil qilingan kutubxona bugun yuzlab yoshlarimizning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Oʻtgan qisqa davr ichida kutubxonadan foydalanuvchilar soni keskin oshdi. Bugun har kuni 25-30 nafar kitobxon bu ziyo maskaniga tashrif buyurib, maʼrifatga, maʼnaviyatga oshno boʻlmoqda. Hozir ularning umumiy soni 600 nafardan oshib ketdi.
Xalqimizning saxovatpeshaligi azaldan maʼlum. Shu kungacha tumanimiz ziyolilari tomonidan kutubxonaga 500 ga yaqin kitoblar sovgʻa qilindi. Tumanimizdagi adib va shoirlardan Qodirbergan hoji Jumamurodov, Yoʻldosh Fayzullayev, Saʼdulla Xoʻjaniyozov kabi ustozlarimiz, “Yangiobod” MFY raisi Zebo Rajabova, shuningdek, yosh ijodkorlar tomonidan qilingan bu sovgʻalarni yuzlab kitobxonlar allaqachon oʻqib chiqishdi.
Kitob mutolaasi va kitobxonlik targʻibotiga, shu orqali jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy yuksalishlarga hissa qoʻshish maqsadida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati shu yilning 20-aprelidan 20-mayigacha “Ommaviy kitobxonlik oyligi”ni eʼlon qildi.
Oylik doirasida turli loyihalar, aktsiyalar va tadbirlar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlari, soʻrovnomalar oʻtkazish orqali aholi, ayniqsa, yoshlarni kitobga yanada yaqinlashtirishni maqsad qilganmiz.
Bu tadbirlar tumanimizning ovul va mahallalarida, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va maktablarda oʻtkaziladi. Ularda aholi, ayniqsa, yoshlarning keng ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Oylik doirasida “Sayyor kitob karvoni” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tahririyat va NNT hamkorligida tashkil qilingan kutubxona kitoblari taʼlim muassasalarida namoyish qilinadi. Tadbir doirasida kutubxonada mavjud kitoblar haqida maʼlumot olish, tanishish va aʼzo boʻlish mumkin.
Oylik davomida tumandagi kitob doʻkonlari bilan hamkorlikda “Koʻchma kitob doʻkoni” loyihasi oʻtkaziladi. Bunda tumanimizda kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar hududlardagi taʼlim muassasalariga tashrif buyurib, chegirmali kitob savdosini yoʻlga qoʻyadilar. “Eng yaxshi sovgʻa – kitob” shiori ostida ota-onalarning farzandlariga, yoshlarning tengdoshlariga kitob sovgʻa qilishi targʻib etiladi.
Oylik davomida “Kutubxonaga kitob sovgʻa qilaman” xayriya aktsiyasini oʻtkazish ham belgilangan. Bunda yurtdoshlarimiz «Taraqqiyot koʻzgusi» gazetasi tahririyati va «Jayxun ilhomlari» NNT hamkorligida tashkil qilingan kutubxonaga kitoblar sovgʻa qilib, kutubxonaning kitob fondini boyitishdek savobli ishga hissa qoʻshishlari mumkin. 10 ta va undan ortiq kitob sovgʻa qilgan muruvvatli kishilar “Taraqqiyot koʻzgusi” va “Mening oilam” gazetalariga 2019-yil uchun bepul obuna qilinadi. Bunday saxovatpesha yurtdoshlarimiz haqida gazetalar va Amudaryo televideniyesi orqali maʼlumot berib boramiz.
Ommaviy kitobxonlik oyligi doirasida yoshlarning kitobxonlikka munosabati va qiziqishlarini oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrovnomalar ham oʻtkaziladi.
Oylik yakunida tumanimizdagi 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida loyihaga yakun yasalib, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuv kechasi tashkil qilinadi.
Farzandlarining komil insonlar boʻlib yetishishini istagan barcha yurtdoshlarimizning oylikda faol ishtirok etishlarini soʻraymiz. Zero, kitob eng yaxshi doʻst, eng yaxshi suhbatdosh, hayot darsini oʻrgatuvchi ustozdir.
ommaviy kitobxonlik oyligi kitob oʻqishga keng aholini, ayniqsa, yoshlarni yanada koʻproq jalb qilishga, ularning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tahririyat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶