YOʻLLARI PAXTAZORGA TUTASh QALBLAR
Tumanimizda paxta yigʻim-terim mavsumi nihoyatda hamjihatlikda, bayramona kayfiyatda oʻtkaziladi. Umuman dehqonchilikka aloqasi boʻlmagan kishilar ham ushbu mavsumning yangiliklaridan tezroq xabardor boʻlishga, tanish-bilish paxtakor-dehqonlarga, fermerlarga birrov "Horma, bor boʻl!” qilishga intilishadi. Bu mavsumda beliga etak boylab dalaga chiqqan har bir kishining dilini bir ezgu niyat band etadi: tezroq paxta hosilini nest-nobud qilmay yigʻim-terib olish, 43000 tonnalik ulkan Amudaryo paxta xirmonini bunyod etishga hissa qoʻshish.
Jurnalist Robiya Yoʻldosheva ana shunday – el-yurtga qayishgan azm-u shijoatda oʻktam bir guruh hamyurtlarimizning dil soʻzlarini yozib oldi.
Gavhar Mingboyeva, Durunki mahalla fuqarolar yigʻinining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi: - Yigʻim-terim mavsumi boshlangan ilk kunlardanoq mahallamiz fuqarolaridan iborat "Koʻngilli hasharchilar” guruhini tashkil etdik. Ishonasizmi, biz uyma-uy yurib: "kim paxta terimiga chiqadi?”, - deb tashviqot qilganimiz yoʻq. Uyida oʻtirgan, hatto ayrim mehnat taʼtiliga chiqqan fuqarolarimiz ham oʻz xohishlari bilan ana shunday guruh tuzish va dehqonlarga yordam berish istagini bildirishdi. 60 nafar ayol-qizni birlashtirgan "Koʻngilli hasharchilar” guruhi 10-sentyabrdan boshlab tumanimiz fermer xoʻjaliklari dalalarida dehqonlarga madadkor boʻlishmoqda. Har bir terimchi oʻrta hisobda kuniga 50-55 kilogrammdan, Gavhar Shoniyozova, Oltinoy Davlatboyeva, Guliston Ibragimova, Bika Qurbonova, Nasiba Ernazarova singari chevar terimchilarimiz esa kuniga 85-90 kilogrammdan paxta terishyapti. Mahallamiz hasharchilari kuniga, 3-4 tonna paxta terishga erishmoqdalar. Ularning mavsumboshidan beri uygan xirmonlari 60 tonnadan oshib ketdi. Shuni alohida mamnuniyat bilan aytamanki, biz qaysi dalada, qaysi fermer xoʻjaligida boʻlmaylik, barchasida hasharchilar uchun yaxshi sharoitlar yaratib qoʻyilgan.
Munavvar SAidabdullayeva, "Yoʻldoshev Anvar” fermer xoʻjaligi ijarachisi:- Toʻgʻrisi, bahorda, ekish-tikish mavsumida yuz bergan tabiiy qiyinchiliklar, gektarlab maydonlarga qayta chigit ekishdek mashaqqatlardan vaqtida juda charchaganmiz. Lekin yil davomida qilingan halol va fidoyi mehnatlarimiz samarasi – paxtamiz chamanday ochilib, gʻalvir suvdan koʻtarilgan ushbu damlarda, nazarimda bahordagi qiyinchiliklar yuz bermaganday, hatto kun boʻyi har tup gʻoʻzaga egilib-egilib hosil tersak-da charchash nimaligini bilmay, suyunib-suyunib, bir-birimizni olqishlab dalaga chiqamiz. Kuz oylari dehqonning yoʻllarini ham, orzu-umidlarini ham dalalarga tutashtirib qoʻyadi. Dehqon borki, hosilini koʻrib, koʻngli oʻsadi, paxtasini terib-terib, xirmoni yuksalgan sari koʻngli toʻq boʻlib boradi.
Shu kunlarda mening ham koʻnglim toʻq. Sababi, 3 gektar maydondagi ijara yerimda moʻl hosil yetishtirdim. Mavsum boshidan beri 10 tonna yuqori sifatli paxta terib topshirdik. Oilamiz daromadi oshdi, paxta terimi bois, roʻzgʻorimizga qut-baraka yogʻildi. Butun oila aʼzolarimiz bilan hamjihatlikda yana yangi majburiyatlar oldik zimmamizga. Mavsum oxirigacha yana 4 tonna paxta terib, ona-Vatanimizning xirmoniga munosib hissa qoʻshishga qaror qildik.
Inomjon Tursunboyev, Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat Pedagogika institutining tarix fakulteti talabasi: - Men asli Amudaryo tumanining "Oq oltin” ovulidanman. Oʻzim tugʻilib-oʻsgan elda, oʻz ovuldoshlarimga paxta yigʻim-terim mavsumida ozgina boʻlsa-da koʻmakdosh boʻlayotganimdan mamnunman. Yaqinda hasharchi-talabalar oʻrtasida "Eng chevar terimchi” musobaqasida ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladim. Bir kunda 271 kilogramm paxta terishga erishdim. Men bilan musobaqalashgan oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi Anvarjon Pirniyozova 264 kilogramm paxta terib 2-oʻrin, boshlangʻich taʼlim metodikasi fakulteti talabasi Sevara Zaripova 251 kilogramm paxta terib 3-oʻrin sohibalari boʻlishdi. Shaxsan mening shu kungacha tergan paxtam 3 tonnaga yetdi. Anvarjon Pirniyozova 2,5, Sevara Zaripova esa 2,3 tonnadan ziyod paxta terishdi. Biz talabalar nafaqat oʻqishda, balki ona Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlidagi har bir ishda hamisha yuksak mezonlarni koʻzlab yashayveramiz. Chunki bugungi biz Oʻzbekiston yoshlari ezgu ishlarga qodir yoshlarmiz!.
Anvar Jumanov, "Yulduz” OAJ raisi: - Bu yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumiga korxonamizda har yilgidan ham jiddiyroq taraddud koʻrildi. Korxonamizga qarashli 7 ta paxta tayyorlov maskanlarida zarur taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yongʻin xavfsizligi moslamalari oʻrnatilib, yetishtirilgan paxta xom ashyosini uzluksiz qabul qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ayni kunda korxonamiz tasarrufidagi 7 ta paxta qabul qilish maskanlarida kuniga yillik rejaning 5-6 foizi miqdorida yuqori sifatli paxta xom ashyosi qabul qilinmoqda. Paxtani qabul qilish va buntlarga taxlash jarayonida qatnashayotgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq ovqat, yaxshi dam olish sharoiti tashkil etilgan. Shuningdek, korxonamiz bilan shartnoma tuzgan fermer xoʻjaliklarining mexanizatorlari, ijarachi-dehqonlarning dam olishlari uchun fermerlar xonasi mavjud. Hosilni qabul qilish mexanizmlari uzluksiz ishlab turganligi bois, paxtani qabul qilish jarayonida umuman muammo yoʻq.
Paxta – xalqimizning milliy boyligi, iftixori. Hosil moʻl, sifatli boʻlsa, undan keladigan daromad ham moʻl boʻladi, xalqimizning farovonligi oshadi, turmushiga fayz kirib, xonadonlari obod boʻladi. Shunday ekan, baland xirmonimiz – obod va farovon turmushimizning mezonidir. Uning har bir misqoli biz uchun aziz, qadrli. Ana shu aziz neʼmat – "oq oltin”dan bunyod boʻlgan yuksak xirmon muborak, qadrli paxtakorlar!
Shuhrat Yusupov, tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimi mudiri:- Paxta yigʻim-terimi davrining biz sanʼatkorlar uchun oʻziga xos jihatlari bor. Nafaqat fermer va ijarachi-dehqonlar, bilki biz sanʼat ahli ham oʻzgacha shijoat, zavq-shavq bilan dalalar bagʻriga oshiqamiz. Chunki paxta-milliy iftixorimiz, shaʼnimiz, shuhratimiz timsoli. Shu bois, yigʻim-terimning ilk kunlaridanoq paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan oʻtkazishda dehqonlarga madaniy xizmat koʻrsatish boʻyicha ishchi guruh tuzilib, qilinadigan ishlar rejalashtirib olindi. Madaniy-maʼrifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ana shu rejaga muvofiq yigʻim-terimning ilk kunlaridanoq tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimiga qarashli barcha qishloq filial madaniyat uylari xodimlari hamda "Uchqun” ashula va raqs xalq ansabli, "Ofarin” folklor-etnografik jamoasi sanʼatkorlari ishtirokidagi "Hormang, aziz paxtakorlar!” deb nomlangan kontsert dasturlarini namoyish etish boshlab yuborildi.
Kontsertlarimizdan maʼnaviy ruh olgan paxtakorlar joʻshqin kuy va qoʻshiqlarga raqsga tushib, olam-olam zavq oldilar.
B.JARLIKAGANOV, "Agrobank” OATB Mangʻit filiali boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi: - Paxta - xonadonlarimizga fayz, hayotimizga farovonlik baxsh etuvchi buyuk neʼmat. Dehqonlarimizning peshona teri, qalb qoʻri evaziga yetishtirilgan hosilni qanchalik tez va sifatli yigʻib-terib davlatga topshirsak, nainki davlat xazinasi, balki dehqonning ham oilasi boyiydi, el-yurt roʻshnolik koʻradi, turmushimiz obod boʻladi. Har besh kunlik yakunlari chiqarilib, fermer xoʻjaliklari bilan terilgan paxta hosili boʻyicha hisob-kitob qilganimizda bu yilgi paxtaning daromadi har galgidan koʻra yuqoriroq ekanligini his etaman. Ilohim, yetishtirilgan moʻl hosildan kelayotgan daromad el-yurtga, lafzi halol dehqonlarimizga buyursin, muborak boʻlsin, deyman.
"Agrobank” OATB Mangʻit filiali ayni kunda oʻzining 1078 nafar mijoziga namunali xizmat koʻrsatmoqda. Shulardan 95 tasi fermer xoʻjaliklari hisoblanadi. Paxta yigʻim-terimi davrida fermer xoʻjaliklari rahbarlari va ijarachi-dehqonlarga hamda hasharchilarga qulaylik yaratish maqsadida har 5 ta fermer xoʻjaligiga malakali bank xodimlari biriktirilib, besh kunlik terim pullari oʻz vaqtida naqd pul hisobida tarqatilmoqda. 2013-yilning 26-sentyabrigacha 1,5 milliard soʻmlik mablagʻ dala boshida terimchilarga tarqatib berildi. Maqsadimiz, yigʻim-terim mavsumining muvaffaqiyatli oʻtishiga oʻz hissamizni qoʻshib, paxtakorlarimizning moddiy manfaatdorligini yanada oshirish.
Quvonchboy BOYMURODOV, "Amudaryotutinuv” AJ raisi: - Biz ham baholi qudrat paxtakorga madadkor boʻlmoq niyatida savdo xizmati koʻrsatishni dalalar boshiga koʻchirdik. Ishchi-xizmatchilarimizning har biri kuniga 65-70 kilogrammdan paxta terishayotgan boʻlsalar, "Amudaryotutinuv” AJga qarashli 48 ta savdo shoxobchasi orqali paxta yigʻim-terimi ishtirokchilariga oziq-ovqat va noozoiq ovqat mahsulotlari oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, 9 ta sayyor doʻkonlar (avtodoʻkonlar) tashkil etilgan boʻlib, savdo xodimlari koʻngilli hasharchilar va talabalardan iborat terimchilarga namunali savdo xizmati koʻrsatmoqda. 2013-yilgi paxta yigʻim-terimi davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan non mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ajratilgan 28 tonna un, 3,24 tonna oʻsimlik yogʻi, 2,6 tonna shakar hamda xoʻjalik sovunlari paxta terimi qatnashchilariga tarqatildi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶