GAZETA – ELLIK YILLIK QADRDONIM
Men tumanimiz oynasi – “Amudaryo haqiqati” – bugungi “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi bilan salkam 60-yildan beri oshnaman. Chunki “Amudaryo haqiqati”ning haqiqiy muxlisiga aylanganimda 8-9 yoshli qizaloq edim.
Avval maktabda, keyinchalik oliy oʻquv yurtida tahsil olgan kezlarimda ham tuman gazetasining har bir sonini alohida mehr bilan kutib olardim. Talabalik yillarimda esa doʻstlarim, ota-onam pochta konvertlarida gazetaning yangi sonlarini joʻnatib turardilar.
Mening ilk maqolalarim ham 1960-70-yillarda tuman gazetasi orqali yorugʻlikka chiqqan. Uzoq yillar tumandagi qurilish tashkilotlarida quruvchi-muhandis boʻlib ishladim. Ishda ham, oʻqishda ham, hatto oila davrasida ham men uchun tuman gazetasi eng yaqin doʻst, maslahatgoʻy boʻlib kelmoqda.
Men gazetaning bundan 30-40, qoʻyingki, 10-15-yil oldingi qiyofasi bilan bugungi salohiyatini solishtirib koʻrib, toʻgʻrisi, tumanimizda mustaqillikning soʻnggi 8-10-yili davomida shiddatkor zamon bilan baravar taraqqiy etayotgan, hatto oʻz nomi, xalqimiz hayotida tutgan oʻrni bilan tumanimizning haqiqiy “Taraqqiyot koʻzgusi”ga aylanib ulgurganidan quvonib ketaman. Haqiqatdan ham gazeta davr talab qilgan taraqqiyot pillapoyalaridan dadil yuksalib, bugungi zamon tezkor matbuoti talablari darajasidagi ommaviy nashrga aylandi.
Men gazetaning deyarli har bir sonini sevib oʻqiyman va gazetaning 50 yillik obunachisiman. Shuni quvonch bilan aytamanki, amunews.uz mustaqil internet nashrini ham internet tarmogʻi orqali oʻqish, oʻzim uchun muhim boʻlgan mavzulardagi maqolalarni yuklab olishning ham uddasidan chiqaman. Tuman matbuoti bilan oshnolik menga zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashni ham oʻrgatdi. Men bundan xursandman.
Tumanimiz matbuoti jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda “Taraqqiyot koʻzgusi” va uning ilova nashri “Mening oilam” gazetalari hamda “Jayxun sadosi” internet radiosi eshittirishlari, Amudaryo televideniyesi koʻrsatuvlari kirib bormagan xonadon yoʻq tumanimizda.
Amudaryo televideniyesi koʻrsatuvlari ham mazmuni va jugʻrofiy qamrovi jihatidan tobora kengayib, sifati yaxshilanib borayotgani quvonarli. Men malakali va intiluvchan muharrir Gʻulomjon Eshniyozov, jurnalistlardan Allambergan Jumaniyozov, Oygul Rajabova, Robiya Yoʻldoshevalar va Ozoda Xudoyberganovalarning har bir maqolasini katta qiziqish bilan oʻqib boraman. Albatta, oʻzim ham maqolalar yozib turaman.
27-iyun – Matbuot va OAV xodimlari kunini har gal oʻz bayramimday kutib olaman va bayramona quvonchlarimni hamisha ijodkorlar bilan boʻlishgim keladi. Shu bois, tumanimiz matbuoti fidoyilari boʻlgan jurnalistlarni, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining jamoatchi muxbirlarini 27-iyun – kasb bayramlari munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Xalqimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotini yuksaltirishdek xayrli ishlarida, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi ezgu va sharafli vazifalarni ado etishda mustahkam sogʻlik, sinmas qatʼiyat, iroda va joʻshqin ijod tilayman.
Oyimjon OʻROZALIYeVA, Beruniy MFY faoli, mehnat faxriysi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶