DAVLAT PENSIYaLARI HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?
Mamlakatimizda qaysi bir sohada boʻlmasin, mehnat qilib, daromad topgan har bir inson, albatta, qariyotgan chogʻida pensiyaga chiqish davrini koʻz oldiga keltiradi. Oʻz ishida koʻp yillar davomida uzluksiz, samarali faoliyat koʻrsatgan, mehnati uchun hamisha yaxshi daromad olib kelgan kishi ertaga pensiyasining yaxshi boʻlishidan xotirjam boʻladi. Ammo uzuq-yuluq mehnat stajlariga ega boʻlgan ayrim kishilar pensiya yoshiga yaqinlashgan sayin turli xayollarga borib, kam pensiya olishidan xavotirga tusha boshlashadi.
Bular yoshga doir pensiyalar haqidagi tasavvurlar, xolos. Shu bilan birgalikda mamlakatimizda fuqarolarimizga mehnat qobiliyatini toʻliq va qisman yoʻqotganda, boquvchisiz qolganda, ijtimoiy taʼminlanishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish maqsadida beriladigan nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari ham mavjud.
Keling, endi mamlakatimizda amal qilayotgan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga asosan fuqarolarimizga berilayotgan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari haqida soʻz yuritamiz.
Yoshga doir pensiyalar
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan pensiya bilan taʼminlanish huquqiga egadirlar. Ushbu Qonunning 7-moddasiga koʻra, erkaklar 60 yoshga toʻlganida va ish staji kamida 25-yil boʻlgan taqdirda, ayollar 55 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20-yil boʻlgan taqdirda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻladilar.
Pensiya miqdorini hisoblab chiqarishda ish stajining oxirgi 10-yili asos qilib olinadi. Talab qilinadigan ish stajidan har bir ortiqcha va toʻliq yil uchun pensiyaning tayanch miqdori pensiya hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshiriladi.
Ish staji yetarli boʻlmagan fuqarolarga toʻliqsiz pensiya tayinlanadi. Buning uchun ish staji kamida 7-yil boʻlishi talab qilinadi. Ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolar davlat pensiyalarini olish huquqiga ega emas. Bu toifadagi fuqarolarga Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 107-sonli qaroriga asosan belgilangan miqdordagi nafaqalar beriladi.
Hozirgi kunda yakka tartibdagi tadbirkorlar, chet ellarda yollangan holda ishlovchi shaxslar va dehqon xoʻjaligi aʼzolarining davlat pensiyasini olish huquqiga ega boʻlishlari uchun ish stajlarini rasmiylashtirish boʻyicha qator imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jumladan, yakka tadbirkorlarga 3 nafar kishini yollab ishlatish huquqi berilgan. Shunday ekan, u har bir yollangan xodim uchun eng kam ish haqining 0,5 barobari miqdorida sugʻurta badali toʻlab boradi. Davlat soliq idorasi sugʻurta badallar toʻlangani haqida byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga roʻyxat taqdim etadi va unga asosan jamgʻarmada yakka tartibdagi tadbirkorga va uning yollangan xodimiga mehnat daftarchasi ochiladi. Ularga shu vaqtdan boshlab ish staji hisoblanadi.
Qonuniy ravishda chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs bu haqda vakolatli organ tomonidan berilgan maʼlumotnomani doimiy yashash joyidagi pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim etsa va soliq idorasiga eng kam ish haqining kamida bir barobari miqdorida sugʻurta badali toʻlagan boʻlsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorining 14-bandida “2018-yil 1-iyuldan dehqon xoʻjaligi va 4 sotixdan kam boʻlmagan tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga yiliga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sugʻurta badali toʻlangan taqdirda, sugʻurta badali toʻlangan yil mehnat stajiga kiritiladi”, deb koʻrsatilgan. Bu tomorqa yerida yoki dehqon xoʻjaligida band boʻlgan fuqarolarning ish stajiga ega boʻlishlari uchun yaratilgan yana bir imkoniyatdir.
Nogironlik pensiyasi
Nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.
Nogironlik sabablari va guruhlari, shuningdek, nogironlik boshlangan vaqt va nogironlikning qancha muddatga belgilanishi tibbiy mehnat ekspert komissiyalari tomonidan aniqlanadi.
Koʻrikdan oʻtkazish va kasbiy mehnat layoqatini yoʻqotish darajasini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi “Tibbiy mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yoʻqotilishi darajasini aniqlashga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 195-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomlar asosida amalga oshiriladi. Mehnat qilish jarayonida mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qatʼiy nazar tayinlanadi.
Umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyalari nogironlik boshlangan paytga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi 2-qismida belgilangan ish stajiga ega boʻlgan taqdirda tayinlanadi.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni 19-moddasiga muvofiq, vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga ega boʻladi.
Marhumning qaramogʻida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablagʻ manbaidan mahrum boʻlib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega boʻladilar.
Oʻquvchilar 18 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga egadirlar.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmagan farzandlar, ular farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
Biz mamlakatimizda pensiya taʼminoti borasida olib borilayotgan ishlarga yanada chuqurroq nazar tashlaydigan boʻlsak, keksa yoshdagi kishilarga, nogironlarga, yetim-yesir norasidalarga, boquvchisini yoʻqotgan insonlarga cheksiz muruvvatlar koʻrsatilayotganining guvohi boʻlamiz.
Bular – mamlakatimizda inson qadr-qimmati, uning manfaatlariga eʼtibor tobora oshib borayotganligini isbotlovchi dalillardir.
Akrom AHMEDOV,
tashqari pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimining
pensiya va nafaqalarni tayinlash guruhi rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶