18.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
18.08.2026, 18:30
Maqolalar 👁 1,142

AHMAD NAFASNING YaNGI DOVONI

AHMAD NAFASNING YaNGI DOVONI

Tumanimiz adabiy muhitida shoir va yozuvchi Ahmad Nafas (Nafasov)ning oʻziga xos oʻrni bor. Avvalo Ahmad Nafas – maʼnaviyat fidoyisi, yosh ijodkorlarning sevimli ustozi, tumanda faoliyat olib borayotgan “Jayxun ilhomlari” NNTning mahoratli rahbari sifatida koʻplab isteʼdod gʻunchalarining kashf etilishida jonkuyar muharrir hamdir. Ana shu sermahsul xizmat jabhalaridan ortib oʻz koʻngil mulkida ajib bir boʻston yaratayotgan Ahmad Nafas ogʻamizning qalblarni rom etgulik latofatli soʻzi – sheʼriy gulshani, ehtirom va eʼzozga munosib fitrati borki, bu fitrat olami keng va rang-barangligi, maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyati bilan koʻngillarga manzur boʻlsa, ne ajab!

Zukko kitobxonlarimiz juda yaxshi bilishadi: 2011-yilda Ahmad Nafasning “Salomchi – mening unvonim” badiiy-publitsistik janrdagi kitobi nashrdan chiqqan edi. Xalq udumlari, urf-odat va anʼanalari, oʻzbek toʻy-marosimlari va ularda aytiladigan kelin salomlarining janr xususiyatlari haqida batafsil maʼlumot beruvchi bu asar keng kitobxonlar eʼtiborini qozongandi.

Ahmad Nafas ogʻaning navbatdagi kitobi – “Keldim dovonlar oshib” bir necha kundan buyon qoʻldan-qoʻlga oʻtib oʻqilayotganidan ayonki – kitob adabiyot muxlislariga manzur. Kitobga xorazmlik mashhur qoʻshiqchi-shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Oshiq Erkin (Madrahimov) soʻzboshi yozganlar.

Toʻplamdagi gʻazallar, Navoiy gʻazaliga bogʻlangan muxammaslar, mustahzod va masnaviylar anchagina pishiq ekanligini eʼtirof etgan Oshiq Erkin ogʻa (Madrahimov) taʼbiri bilan aytganda: “bundayin kitobga tartib bermoq, ayniqsa, Navoiy gʻazallari ruhiyatiga moslab taxsim bogʻlash uchun mahorat va bilim kerak”. Taʼbir joiz boʻlsa, Ahmad Nafas ogʻamiz ana shunday bilim va mahorat sohibi.

Kitobning birinchi qismidan Ahmad Nafas ijodining turli yillariga mansub sheʼrlar, gʻazal va masnaviylar, muxammas hamda mustahzodlar joy olgan. Ushbu nazmiy qismdagi asarlarning aksariyati ona yurt, doʻstlik va muhabbat mavzulariga bagʻishlangan. Ayniqsa, Istiqlolni madh etuvchi sheʼrlarida shoir kechagi kun bilan bugungi nurafshon damlarni muqoyasa qilib faxrlanadi. Ana shu faxr tuygʻusi ila oʻzi umr boʻyi oshib oʻtayotgan dovonlar zalvorini yurak-yuragidan his etadi. Shoir dilidagi quvonch soʻzlarga, soʻzlar satrlarga, satrlar esa maʼnaviyatga tashna koʻngillarga jarang beradi.

Qurdik koshona, qasrlar,

Jahon lol qolar asrlar.

Unda bizlarning kelajak –

Yashar navqiron nasllar.

Shijoat, surʼatdir bu,

Bizlarning qudratdir bu!

Ana shu surʼat, ana shu qudrat shoir qalbiga hayajon, ilhom baxsh etadi va biri-biridan dilbar sheʼrlar yaraladi. “Istiqlol madhiyasi”, “Vatanni sevmoq kerak”, “Oʻzbekning”, “Mustaqillik qasidasi”, “Kelajak egalariga”, “Murojaat” kabi yetuk, pishiq-puxta sheʼrlarda shoirning oʻz soʻzi jaranglab, satrlarga zeb bergan.

Shoirning aksariyat sheʼrlari Maxtumquli ohanglarida, yana bir turkum sheʼrlari esa baxshiyona usulda yozilgan. Navoiy gʻazallariga bogʻlangan taxsimlar esa muxlislar qalbida Navoiy dahosiga cheksiz ehtirom uygʻotadi. Ahmad Nafas ijodining ham tobora yetuklik sari yuksalayotganini anglatadi. Sababi ulugʻ shoirlar ijodidan ilhomlanib, ular bitgan mumtoz misralar mazmuniga mohiyatan munosib va mos misralar ila taxsim bogʻlash hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Buning uchun avvalo mumtoz adabiyotni, xususan Navoiy ijodini mukammal oʻrganish, tushunish, har bir soʻz zarbini yurakdan his etish kerak. Ahmad Nafas ana shu dovonni zabt etganlardan – Navoiy lirikasi olamida yashab, Navoiyning tili va dilini anglab, oʻz lisonida qayta kashf eta olgan ijodkor. Eʼtibor bering:

Oʻzni kim deb bilsang ham, Ahmado, gar boʻlmasa did,

Yorning koʻnglin ovlar chogʻi xato solar tahdid.

Shudir menga muddao deb birov koʻnglin qilmagin xit,

Navoiy, sen kimu, ishrat mayi, bilmasmu sen kim, it,

Agar qon ichsa ham boshi kerakdur oʻz yalogʻinda.

Navoiy gʻazaliga xos ichki ohang, turoq, vazn Ahmad Nafas bogʻlagan taxsimda ham oʻz ifodasini topgan. Shu barobarida Navoiy xulosasi bilan Ahmad Nafas chiqargan xulosa biri-birini toʻldirib muxammasning badiiy yetukligini taʼminlagan.

Ahmad Nafas badiiy adabiyotni, adabiy janrlarni puxta biladigan, oʻzbek adabiy tilini chuqur oʻzlashtirgan ijodkor. Uzoq yillar yosh avlodga oʻzbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan Ahmad Nafas yillar davomida oʻz ustida tinimsiz ishlagani har bir soʻz va jumlani boshqalarga taqdim etishdan avval oʻz fitratida jilo berishga intilgani bois, asarlarini oʻquvchilarga taqdim etishga oshiqmadi. Yozdi, yozaverdi. Qayta-qayta soʻz ustida, iboralar, jumlalar ustida ishladi. Oʻz fikrini sogʻlom, oʻziga xos, koʻngillarga manzur yetkazgunlaricha, Ahmad Nafas imzosi bilan to kitob holida tartib bergunga qadar shoir ogʻamiz oʻz umrining tabarruk 60-dovonidan oshib 70 ga tomon zalvorli qadam qoʻydilar. Oshib oʻtilgan bu dovonlar shoir Ahmad Nafas bilan adib Ahmad Nafas nomi oʻzi tugʻilib oʻsgan betakror goʻsha – Qizilcholi – Kuyukkoʻpirdan ham ancha olislarga, azim Xorazm-u Qoraqalpogʻiston adabiyotsevarlari huzuriga kirib bordi.

Ayniqsa, Ahmad Nafasning “Ozod ogʻaning xazinasi” nomi bilan kitobning ikkinchi qismiga zeb bergan esselari (koʻproq xotira hikoyalariga oʻxshab ketadi) kishini xayolga toldiradi. Nega deysizmi? Sababi, biz atrofimizdagi zamondoshlarimizning ayrim ishlariga oddiygina nazar bilan qarab, xuddi shunday boʻlishi kerakday, oʻsha zamondoshimiz oʻz vazifasini shunday ado etishi shartday, eʼtibor bermaymiz.

Hech oʻylab koʻrganmisiz, tumanimizdagi son-sanoqsiz fotostudiyalar ishi bilan suratchi Xolboy ogʻa Bobojonovning faoliyati haqida? Shunchaki turli xil marosimlarda suratkashlik qilib oʻz ishini daromad topish manbaiga aylantirib olgan suratchilar kim-u, Amudaryo tumanida fotosanoatga asos solgan, uni rivojlantirib, tumanimiz tarixini suratlarga muhrlab oʻz xazina-arxivini, demak, tumanimiz hayotining surat-arxivini yaratgan Xolboy Bobojonov kim? Angladingizmi!? Xolboy Bobojonovning faoliyati ham jiddiy tadqiq etishga arzigulik suratlar arxivi bilan nihoyatda qadrli.

Ana endi Ahmad ogʻa taʼriflagan “Ozod ogʻaning xazinasi”ga kelsak, nazarimda bu badiiy publitsistikada hali qoʻl urilmagan yangi mavzu.

Magnit tasmalarida, gramplastinka, audio va video yozuvlarda muhrlangan xalqimizning otashnafas hofiz-u sanʼatkorlarining shirali ovozlarini tebranib-tebranib tinglaymiz, ohanglar ogʻushida sel boʻlamiz. Lekin vujudimizda ana shu oshuftalikni uygʻotishda tinim bilmay ishlagan ovoz yozish studiyasi jonkuyarlari haqida juda kam oʻylaymiz, toʻgʻrisi, oʻylamaymiz ham. Xuddi shunday boʻlishi kerakday, tinglaymiz, zavqlanamiz, hayajon bilan sanʼatkordan gʻoyibona minnatdor boʻlamiz. Ozod ogʻa-chi? Ana shu moʻʼjizakor ohanglarni qalblarga jo etgan, sanʼatkorning ovoziga, musiqiy tebranishlarga jilo berib, qalblarga yetkazgan Ozod ogʻaga, Ozod ogʻalarga birrovgina “rahmat!” – deya oldikmi? Buni koʻpincha unutdik...

Azizlar, Ahmad ogʻa ana shunday fidoyilar mehnatiga dilimizda ragʻbat, mehr va eʼtibor uygʻotayotir oʻz esselari bilan.

Hatto ovoz yozish boʻyicha boshlangan ilk qadamlar, bu moʻʼjizakor uskunalarning tarixi, xalqimiz hayotida tutgan oʻrni, maʼnaviy ahamiyati qanchalik katta ekanligini anglatayotir. Demak, kundalik hayotimizda biz unchalik ahamiyat bermaydigan kasb egasi, tinib-tinchimas inson, “Ozod zvukozapis” singari fidoyilar mehnati tufayli xalqimizning maʼnaviyat xazinasi boyib boraveradi.

Demak, ana shunday insonlarning borligi qalblarimizga quvonch, hayotimizga ziynat bagʻishlaydi.

Ahmad Nafasga esa xalq hayotiga daxldor oddiy, lekin xizmati, qilgan va qilayotgan amallari ulugʻ insonlar mehnati qadrini baland tutgani va bu mavzuni hokisorlik bilan adabiyotga olib kirgani, faxr ila, hurmat va eʼtibor ila madh etganlari uchun RAHMAT deymiz.

Soʻzim muxtasarida sinchkov va zukko adib, sohirqalb shoir Ahmad Nafas ogʻaning navbatdagi dovon sari qoʻymoq niyatida boʻlgan qadamlariga quvvat, ijodiy barkamollik tilayman!

Aziz muxlislar, kitob javoningizga yangi asar qutlugʻ boʻlsin!

Robiya YOʻLDOShEVA,

Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda 13.08.2026 Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda 10.08.2026 Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi 10.08.2026 Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar 06.08.2026 Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda 06.08.2026 Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi 05.08.2026 Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi 05.08.2026 Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda 05.08.2026 “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi 04.08.2026 Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi 04.08.2026 Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida 01.08.2026 Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi 01.08.2026 Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi 30.07.2026 Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda 30.07.2026 Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi 30.07.2026 Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 29.07.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 29.07.2026 Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019