Oʻqituvchilar oilasi
Pedagoglar bilan koʻp suhbatda boʻlganimdan bu kasb mashaqqati va masʼuliyatini juda yaxshi his qilaman.
Ha, oʻqituvchilik boshqalar oʻylaganiday maʼlum soatlardangina iborat emas, balki, butun borligʻingni, iqtidoringni baxshida etib ishlaydigan kasb. Ayniqsa, buning ustiga maʼlum xizmat lavozimi ham qoʻshilsa, masʼuliyat bundan-da ortadi.
Shu boisdan Gulimbat Xoʻrozov haqida, uning oʻqituvchilardan iborat ibratli oilasi haqida yozgim keldi.
U oʻrta maktabni tugatib, Samarqand Davlat Universitetining geografiya fakultetiga oʻqishga kirdi. 1983-yilda oliygohni tamomlagach, oʻzi taʼlim olgan 21-sonli maktabga ishga kirdi. Bu uning ayni orzusi edi. Shunday boʻlishiga qaramay, ilk ish boshlagan kezlari ustozlari oldida hayajondan dovdiragan, ularning ishonchlarini oqlay olarmikanman, degan oʻylarga borgan damlari boʻldi. Va keyinchalik intilish, oʻz-oʻziga ishonch bilan qilingan mehnat samara berishiga ishondi, ishlash jarayonida ham ustozlaridan oʻrganishni kanda qilmadi va oradan yillar oʻtib, fidoyi, tajribali oʻqituvchilar safidan joy oldi.
Rahbariyat Gulimbat Xoʻrozovning salohiyatini, intiluvchanligini inobatga olib, uni ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimiga tayinladi.
U mana 16-yildirki, maktab direktori oʻrinbosari vazifasini sidqidildan ado etish barobarida oʻquvchilarga geografiya fanidan saboq berib kelayotir. Turmush oʻrtogʻi, maktabning tarix fani oʻqituvchisi boʻlib, 32-yil ishlab nafaqaga chiqqan Darmonjon opa bilan oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan farzandlari ham ota-ona kasbining davomchilari boʻlib yetishishdi. Oilaning toʻngʻich farzandi Shuhrat Nukus Davlat Pedagogika institutining tarix fakultetini tamomlab, 16-yildan beri 21-sonli maktabda oʻquvchilarga tarix fanidan dars berib kelmoqda. Baxtiyor 51-sonli maktabda biologiya fani, Qudrat esa 21-sonli maktabda qoraqalpoq tili oʻqituvchisi. Kelinlari Gulzoda 18-sonli MTMda tarbiyachi yordamchisi, Xolida 21-sonli maktabda biologiya fani oʻqituvchisi, Gulnora esa psixolog. Qizi Dilnoza Doʻrman kasb-hunar kollejini bitirdi. Uning ham orzusi oʻqituvchi boʻlish.
Gulimbat Xoʻrozovning oilasi Xitoy ovulidagi eng ibratli oilalarning biri. Koʻpchilik bu ahillikni ularning hammasi oʻqituvchi boʻlganligidan deb oʻylashadi. Ehtimol, shundaydir? Bu oilada hech kim ishdan keldim, deb qoʻl qovushtirib oʻtirmaydi, hamjihatlikda birov tomorqaga, birov mol-holga qaraydi. Oiladagi qoʻshimcha daromad manbalari koʻpayishiga oila bekasi, 32-yil oʻqituvchilik qilib nafaqaga chiqqan Darmonjon opa ham munosib hissa qoʻshadi. Shuning uchun tomorqasida ekinlar hosildor, taʼmi totli boʻladi.
Oʻzlarining turmushini oʻz mehnatlari, el-yurtga xizmatlari bilan bezayotgan pedagoglar oilasining barcha aʼzolarini 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan tabriklab, kasbingizdan baraka toping, deymiz!
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶