OʻQUVChILAR YuTUGʻI USTOZ UChUN ENG KATTA MUKOFOT
Qangli ovulida dehqon oilasida tugʻilgan Saida maktabda sinfdoshlari orasida aʼlo baholarga oʻqishi, tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Uning, ayniqsa, biologiya faniga qiziqishi baland edi. Atrofni qurshab olgan moʻʼjizakor tabiat sirlarini biologiya oʻqituvchisidan qunt bilan oʻrgana boshladi. Yuqori sinflarga oʻtgani sayin unda ustozlari kabi oʻqituvchi boʻlib, oʻzi kabi qiziquvchilarni ona tabiatning moʻʼjizakor dunyosiga olib kirish istagi kuchaya bordi. Bu istak Saidani Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ga yetakladi va u talaba boʻldi.
Oliygohni 1997-yilda tugatgan Saida Murodboyeva ovulga kelib 39-sonli maktabda ish boshladi. Dilida ezgu orzu-niyat bilan oʻz faoliyatini boshlagan yosh oʻqituvchi oʻquvchilarni ilm dunyosiga yetakladi. Yosh, intiluvchan va talabchan bu oʻqituvchi tezda oʻquvchilarning ham, kasbdoshlarining ham mehrini qozondi. Oʻquvchilarga fanni nazariy tushuntirish bilan birga, ochiq tabiatga sayohatga olib chiqib, amalda ham koʻrsatib, tasavvurlarini boyitdi va qiziqishlarini oshirdi. Qiziquvchi oʻquvchilar ishtirokida turli tadbir va tanlovlar oʻtkazdi. Bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida undan taʼlim olgan oʻquvchilar faxrli oʻrinlarni egallab, oldingilar qatoriga chiqdi.
Uning fidoyiliklari munosib baholanib, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan u ishlayotgan 39-maktab “Eng fidoyi fan oʻqituvchisi mavjud maktab” deb topildi. Saida ilk bor oʻquvchisi Aziza Yoʻldosheva 2014-2015 oʻquv yilida Bilimlar bellashuvining tuman bosqichi 1-oʻrin gʻolibi boʻlganida mehnati mahsul bera boshlaganidan gʻoyat sevindi. Aziza Yoʻldosheva shu yil bellashuvning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida 3-oʻrinni egalladi va ustozining ishonchini oqladi. Fan bilimdonlariga taʼlim bergan Saida Murodboyeva esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining va tuman hokimligining “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlandi.
2015-2016 oʻquv yilidagi Bilimlar bellashuvida Saidaning ikki nafar oʻquvchisi Yodgorbek Bozorboyev, Zilola Begjonovalar oʻz bilimlarini sinab koʻrishdi hamda ular bellashuvning tuman bosqichida 2-oʻrin gʻolibligiga ega boʻldilar.
Izlanuvchan, talabchan bu oʻqituvchi maktab jamoasi va rahbariyat tomonidan ragʻbatlantirishga loyiq deb topildi va u 2016-yilning 15-sentyabrida “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Oʻtgan oʻquv yilida uning bilimdon oʻquvchilaridan Yodgorbek Bozorboyev Innovatsion olimpiadaning Qoraqalpogʻiston bosqichida 2-oʻrin, Bilimlar bellashuvining tuman bosqichida 1-oʻrin, shuningdek, Mavluda Shomurodova ham bellashuvning tuman bosqichida 1-oʻrin, Dinora Bozorboyeva esa 3-oʻrin gʻolibligini qoʻlga kiritdilar.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻqituvchilar nufuzini oshirish, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, –deydi S.Murodboyeva. – Bu biz oʻqituvchilarga yangi oʻquv yili boshlanishi arafasida nihoyatda koʻtarinki ruh bagʻishladi. Biz ham oʻz navbatida barkamol avlodga taʼlim va tarbiya berish borasidagi masʼuliyatimizni yanada oshirib, ularni komil insonlar qilib voyaga yetkazishga sidqidildan harakat qilmoqdamiz.
– Maktabimizda namuna qilib koʻrsatsa arziydigan, fidoyi va faol oʻqituvchilar koʻp, – deydi faxr bilan maktab direktori S.Xudenov. – Ayniqsa, Saidaning jonkuyarligi, taʼlim-tarbiya va jamoat ishlaridagi faolligi barchaga oʻrnak boʻlmoqda.
Fidoyi ustoz Saida Murodboyeva turmush oʻrtogʻi Oʻrinboy Madiyorov bilan 4 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishmoqda. Ota-onalaridan ibrat va tarbiya olib kamolga yetayotgan farzandlarning har biri maktabning aʼlochi oʻquvchilari safida.
Ustozlarni hamisha ehtiromga, yuksak mukofotlarga loyiq deb bilamiz. Ammo davlat tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va shogirdlari ehtiromiga sazovor boʻlayotgan oʻqituvchi Saida Murodboyeva kabi fidoyi ustozlar uchun oʻquvchilar qoʻlga kiritayotgan yutuqlar va muvaffaqiyatlar, ularning kamoli eng katta mukofotdir.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶