Amudaryo tumani Madaniyat markazi Oʻzbekistonda “Eng namunali madaniyat markazi” deb topildi
Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi sanʼat va madaniyat vakillarini, oʻz ijodiy ishlari bilan yoshlarga ibrat boʻlayotgan ustoz sanʼatkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ehtirom” mukofotini taʼsis etgan edi. Mukofot bilan 5 ta – “Teatr, kino va ommaviy tomoshalar”, “Estarada, anʼanaviy, opera xonandalik, musiqa ijrochiligi va raqs sanʼati”, “Tasviriy sanʼat va amaliy sanʼat”, “Badiiy ijod, jurnalistika va televideniya”, “Eʼtibor, ehtirom, eʼzoz” kabi yoʻnalishlarda taqdirlash nazarda tutilgan.
Shu yilning 12-yanvarida Toshkent shahrining “Osiyo Grand” restoranida “Ehtirom – 2018” mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Mukofotlanganlar orasida “Tasviriy sanʼat va amaliy sanʼat” yoʻnalishida respublikamizda eng namunali deb eʼtirof etilgan Amudaryo tumani madaniyat markazi ham bor.
Tadbirda tuman Madaniyat boʻlimi boshligʻi Shuhrat Yusupov ham qatnashib, mukofotni qabul qilib oldi. Biz tuman Madaniyat markazi jamoasini “Ehtirom”da eʼtirof etilgani bilan qutlaymiz va kelgusi ishlarida ham muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Maʼlumot oʻrnida: Ayni kunda tuman madaniyat markazida 3 ta xalq ansambli – “Uchqun” ashula va raqs ansambli, “Ofarin” folklor-etnografik xalq ansambli, “Jayxun moʻʼjizasi” anʼanaviy sahna tsirk xalq jamoalari xalqimizga madaniy xizmat koʻrsatib, milliy qadriyatlarimizni tiklash va targʻib etish, urf-odatlarimizning mazmun-mohiyatini yoshlarga singdirish, tarixiy, ilmiy, madaniy merosimizni yuksaltirishga, sanʼatimizni ravnaq toptirishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Hozirgi kunda mazkur jamoalarning barchasi oʻz badiiy kengashiga ega va turli milliy bayramlarimiz va muhim sanalar munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirlaridagi maxsus teatrlashtirilgan tomoshalar stsenariylari aynan shu kengashlar tomonidan maʼqullanadi. Mutaxassislar Nasiba Eshchonova, Muzaffar Ibragimov, Oybek Begimovlar yaratayotgan stsenariylar asosida tayyorlanayotgan tomoshalar xalqimizga manzur boʻlmoqda.
Tumanimizda bugungi kunda 1 ta tuman Madaniyat markazi, 6 ta hududiy Madaniyat markazlari, maxsus koʻzi ojizlar kutubxonasi, Mangʻit madaniyat va istirohat bogʻi aholiga madaniy xizmat koʻrsatib kelmoqda. Ulardagi 19 ta badiiy-havaskorlik toʻgaraklarida 150 nafardan ziyod yigit-qizlar sanʼat sirlarini oʻrganishmoqda. Sohada bugungi kun talabiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar munosib baholangani – xodimlarni yangi-yangi ijodiy izlanishlarga ragʻbatlantirishi shubhasiz.
O.Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶