HUQUQIY MADANIYaT VA OILA MUQADDASLIGI TARGʻIB ETILMOQDA
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga shu vaqtgacha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat idoralari shugʻullanadi, degan qarash hukm surib keldi.
Muhtaram Yurtboshimizning 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonida bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uygʻotish yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatib berildi. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda taʼlim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga eʼtibor qaratish, maktabgacha tʼlim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga bu boradagi bilimlarni chuqur singdirish vazifa qilib qoʻyildi. Prezidentimizning mazkur Farmoni va 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining 2019-yil 11-yanvar kungi Farmoiyishiga muvofiq butun mamlakatimiz boʻylab 2019-yilning 25-yanvaridan 5-fevraliga qadar “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” mavzusida targʻibot oʻnkunligi oʻtkazilmoqda.
Oʻnkunlik doirasida aholining, ayniqsa yoshlarning huquqiy bilimini oshirish, oʻzbekona urf-odatlarimizga, amaldagi qonunlarimizga hurmat hissini tarbiyalash, oila, ota-onalik, fuqarolik masʼuliyatini targʻib etish maqsadida koʻplab targʻibot tadbirlarini oʻtkazish vazifa qilib qoʻyilgan.
Oʻnkunlik doirasida tumanimizdagi “Oila” markazi tomonidan ham koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Xususan, Chordara, Boyovul mahallalarida, Boʻzyop ovulida, Mangʻit Iqtisod kollejida, tuman Tibbiyot birlashmasida “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat”, “Oila jamiyat va davlat himoyasida”, “Milliy qadriyatlarimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati”, “Baxtli oila tushunchasi” kabi mavzularda targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
31-yanvar kuni 13-sonli maktabda ham shu kabi tadbir oʻtkazilib, unda maktab oʻqituvchilari, yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdilar. “Milliy qadriyatlarimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati” mavzusidagi tadbirni maktab direktori Murdboy Haybullayev ochdi va olib bordi. Tadbir ishtirokchilari “Oila” markazi tuman boʻlimi rahbari Gulshod Yusupova, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Shirin Yangiboyeva, hudud profilaktika inspektori Mingboy Saynetullayev, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori Gulandom Olloqulovalarning kun tartibidagi mavzu yuzasidan maʼruzalarini tingladilar. Shuningdek, oʻquvchi – yoshlar ham oʻz fikrlarini bildirdilar.

Shu kuni “Bogʻ” mahallasi aholisi, faollari bilan ham baxtli oila qurish, oilaviy ajrimlarning oldini olishda nuroniy keksalarning hayotiy saboqlaridan oʻrnak olishning ahamiyatini, oila muqaddasligini targʻib etishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

– Hali oʻn kunlik doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarimiz koʻp, - deydi “Oila” markazi tuman boʻlimi rahbari Gulshod Yusupova.
Jamiyat ravnaqi, baxtiyor turmush tarziga erishish uchun aholi, ayniqsa yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasidagi bu kabi saʼy-harakatlar kelgusida oʻz samarasini beradi, albatta.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶