FUQAROLAR YIGʻINI RAISI SAYLOVI YaKUNLANDI, RAIS MASLAHATChILARI, OʻRINBOSARLARI SAYLOVI DAVOM ETMOQDA
Tumanda jami 49 ta fuqarolar yigʻinlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu 49 ta fuqarolar yigʻinlarida jami 195 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Shularning 117 09 nafari saylov yoshidagi aholi hisoblanishadi. Tuman fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasining yigʻilish qarori bilan ushbu saylovchilarning 12 foizidan kam boʻlmagan miqdorida, jami 15265 nafari vakil sifatida may oyida boʻlib oʻtgan saylovda qatnashishi belgilangan edi.
Saylov yakunlariga koʻra, jami 15265 nafar saylovchilarning 13027 nafari, yaʼni 85,3 foizi saylovda qatnashdilar. Boʻlib oʻtgan saylov yakunlariga koʻra, 49 nafar fuqarolar yigʻinlari raislarining 32 nafari yangidan saylangan boʻlsa, 17 nafari amaldagi raislardir. Shuningdek, 49 nafar raislarning 7 nafari xotin-qizlar va 3 nafari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridir.
Saylangan raislarning 15 nafari oʻqituvchi, 2 nafari iqtisodchi, 16 nafari muxandis, 2 nafari huquqshunos hamda 14 nafari boshqa mutaxassisliklar boʻyicha malakali xodimlardir.
Saylangan raislarning 44 nafari oʻzbek va 4 nafari qozoq hamda 1 nafari qoraqalpoq millatiga mansub fuqarolar hisoblanadi.
Shu yilning 20-may kunida tumandagi barcha fuqarolar yigʻinlarida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunining 30-moddasida: “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi natijalari boʻyicha fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) bir oy ichida fuqarolar yigʻini kengashini shakllantiradi, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning maslahatchilarini, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalarni va taftish komissiyasini saylaydi”, degan norma belgilangan. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda joriy yilning 18-may sanasidan 1-iyungacha barcha fuqarolar yigʻinlarida keyingi vakillar yigʻilishlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu yigʻilishlarda, sanoq komissiyasini saylash, fuqarolar yigʻini masʼul kotibini tasdiqlash, fuqarolar yigʻini kengashini tasdiqlash, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning oʻrinbosarlari (fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilari)ni, shuningdek, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning maslahatchilarini, taftish komissiyasini, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalarni hamda fuqarolar yigʻini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi tarkibini saylash masalalari kun tartibida koʻrib chiqilmoqda.
B.BOLTABOYeV, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶