Qadimiy “Chilpiq”da turizmni rivojlantirish boʻyicha 378 mln. soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda
Dunyoning koʻplab mamlakatlari iqtisodiyotida sezilarli daromad keltiradigan sohalardan biri turizmdir. Bugungi kunda turizmning har xil noanʼanaviy turlari tashkil qilinib, sayyohlar yanada koʻproq jalb etilmoqda.
Mamlakatimizda ham turizm sohasi jadal rivojlanmoqda. Aytish joizki, yurtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohat qilish istagini bildirayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar soni tobora ortmoqda. Shuningdek, kelayotgan sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifati ham yaxshilanmoqda.
Turizm sohasi rivojlantirilishida Prezidentimizning “Ichki turizmni jadal rivojlantirish toʻgʻrisida”gi, “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorlari hamda “Oʻzbekiston Pespublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrsida”gi Farmoni muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur Qaror va Farmonlarning ijrosini taʼminlash boʻyicha tumanimizda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Amudaryo sohilida joylashgan qadimiy “Chilpiq” qalʼasi ham arxeolog olimlarning, koʻplab sayyohlarning eʼtiborini tortib kelayotgan tarix durdonalaridan biri sanaladi. Shu sababli bu yerda sayyohlik markazini tashkil etish, qalʼani obodonlashtirish boʻyicha qiymati 378 mln. soʻm boʻlgan loyiha ishlab chiqildi.
Shu kunlarda “Mangʻit Invest Maksimum” MChJ ishchilari obida tepasiga olib chiquvchi zina va sayyohlar uchun dam olish uyi binosining qurilish ishlarini qizgʻin surʼatlarda olib borishmoqda. Chunki qurilish ishlari tezda tugallanib, loyiha joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Undan tashqari, tumanga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida katta yoʻl yoqalarida avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari hamda aholi gavjum joylarda, yaʼni dehqon va buyum bozorlarida jami 5 ta zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar tashkil qilish koʻzda tutilmoqda.
Bugungi turizm sayyohlarni noodatiy turistik xizmatlar – moʻʼjizaviy dam olish maskanlari va mahalliy aholining oʻziga xos turmush tarzi bilan jalb qilishni taqozo etadi.
Tumanda ham mazkur yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida qiymati 620 mln. soʻmlik mehmon uylarini tashkil qilish boʻyicha 14 ta loyiha ishlab chiqilgan boʻlib, shuning hisobidan 22 ta yangi ish oʻrinlari ham yaratilishi moʻljallanmoqda.
“Chilpiq” tarixiy obidasiga yaqin boʻlgan “Besh tom” mahallasi hududidagi 10 ta oilaviy mehmon uylarida oxirgi pardozlash ishlari tugatilib, shu kunlarda xonalarni jihozlash rejalashtirilmoqda. Qiymati 460 mln. soʻmni tashkil qilgan mazkur loyihaning 160 mln. soʻmi oilaviy tadbirkorlarning oʻz mablagʻi, qolgan 300 mln. soʻmi esa bank krediti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Qipchoq shaharchasidagi tadbirkor M.Abdullayev ham 30 mln. soʻm oʻz mablagʻi, 30 mln. soʻm bank krediti hisobiga mehmon uyi tashkil qilmoqda.
Choykoʻl ovuli hududida esa tadbirkorlar A.Bobojonov, D.Bobojonov, I.Norboyevalar 140 mln. soʻm mablagʻ hisobiga 3 ta oilaviy mehmon uylari tashkil qilishni rejalashtirishgan boʻlib, shundan 50 mln. soʻm tadbirkorlarning oʻz mablagʻi, 90 mln. soʻm bank krediti mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi koʻzlanmoqda.
Bunday loyihalar tadbirkor oilalar safini kengaytirib, dam olish va sayyohlik uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bilan birga tumanimizning turistik salohiyatini oshiradi. Qadimiy “Chilpiq” qalʼasi atrofida tashkil etilayotgan sayyohlik markazi esa nafaqat mahalliy, hatto xorijiy sayyohlarning ham eʼtiborini tortib, tumanimizni, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimizni, olis tariximizni, madaniyatimizni dunyoga tanitadigan maskanga aylanadi. Shuningdek, tashkil qilinayotgan mazkur yoʻnalish – turizm sohasi tumanimiz iqtisodini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶