“RADIOJURNALIST BOʻLIShIMGA SAʼDULLA AKA SABABChI BOʻLGAN”
Men 1978-yil 27-iyunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi teleradiokompaniyasining (u paytda teleradio qoʻmitasi deb yuritilardi) radio boʻyicha Amudaryo tumanidagi maxsus muxbiri vazifasiga tayinlandim. Mening bu ishga joylashishimda 1967-yildan eʼtiboran oʻzaro hamfikr, aka-uka, doʻst tutingan Saʼdulla aka Xoʻjaniyozovning xizmatlari katta. U bevosita bosh-qosh boʻlib, zarur hujjatlarni tayyorlatib, qoʻmitaga vakant oʻringa tavsiya qilinishimda yaqindan yordam berdi. Negaki, 1967-yildan boshlab sobiq “Amudaryo haqiqati” gazetasida maqolalarim chiqib turardi. Ishga olishda mana shular eʼtiborga olindi. Diplomimga koʻra, aslida tarix fani oʻqituvchisi boʻlishim kerak edi. Ammo ustozim va doʻstim Saʼdulla aka Xoʻjaniyozovning chorlovi hamda bevosita maʼnaviy va amaliy yordami tufayli mana qirq bir yildan buyon radiojurnalist boʻlib elimga xizmat qilmoqdaman. Buning uchun ustozim va doʻstim Saʼdulla aka Xoʻjaniyozovdan bir umrga minnatdorman. Bu kishi ajoyib elparvar inson. Uning yuksak insoniylik fazilatlarini hamma vaqt qadrlayman. Ayniqsa, uning bevosita yordami tufayli tumanimizda juda koʻp yosh ijodkorlar va jurnalistlar yetishib chiqdi.
Ustozning yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ijodiy parvozlariga qanot bagʻishlash borasidagi xayrli ishlari koʻp. Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, shoir, ustoz Saʼdulla aka Xoʻjaniyozovni shogirdlari eng koʻp jurnalist, deya baralla ayta olamiz.
Ustoz! Hamisha bor boʻling, sogʻ-u salomat boʻlib, uzoq umr koʻring, kasb bayramingiz qutlugʻ boʻlsin!
Qobul ShOMURODOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶