OʻzMTDP tuman Kengashining VI konferentsiyasi oʻtkazildi
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashining navbatdagi VI konferentsiyasi boʻlib oʻtdi.
23-oktyabr kuni tuman hokimligining kichik majlislar zalida oʻtkazilgan konferentsiyada OʻzMTDP tuman Kengashi xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati M.Ahmedova, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari R.Xolmurodov, R.Oʻrozboyev, A.Yusupov, G.Bobojonov hamda boshlangʻich partiya tashkilotlardan saylangan delegatlar qatnashdilar.

Oʻtgan davr mobaynida OʻzMTDP tuman Kengashi tomonidan boshlangʻich partiya tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish, elektorat bilan ishlashning zamonaviy mexanizmini shakllantirish va siyosiy bilimlarini takomillashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Partiya safiga tashabbuskor va faol yoshlar jalb etilib, 2015-2019-yillar davomida aʼzolar soni 545 nafarga, boshlangʻich tashkilotlar soni 44 taga yetdi.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan partiyaning tuman Kengashi raisi G.Eshimbetovaning hisobot maʼruzasi tinglandi. U oʻz maʼruzasida partiyaning tuman Kengashi tomonidan 2015-2019-yillar davomida saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar yuzasidan qator ishlar amalga oshirilganini, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 1 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida 2 nafar, Xalq deputatlari tuman Kengashida 9 nafar deputat faoliyat olib borayotganini, oʻtgan xisobot davomida partiyaning deputatlik guruhi aʼzolari tomonidan 108 marotaba deputatlik soʻrovlari bilan murojaat etilgani haqida soʻz yuritdi. Undan tashqari, 22-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari tuman Kengashiga boʻlib oʻtadigan saylovlarda partiyaning munosib ishtirokini taʼminlash kerakligiga toʻxtalib oʻtdi.
Konferentsiyada deputatlar vakolatlaridan samarali foydalanishlari kerakligi, oʻz faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishlari lozimligi taʼkidlandi. Zero, bugungi saylovchini quruq vaʼdalar, hisobotlar bilan ishontirib boʻlmaydi. Siyosiy dunyoqarashi, tafakkuri tobora yuksalib borayotgan aholi xalq vakillaridan aniq ishlar, tashabbuslar kutadi.
Konferentsiya soʻnggida partiya safiga yangidan aʼzolar qabul qilindi hamda BPT yetakchilaridan O.Ahmedova, Sh.Xoʻjamurodovalarga partiya tomonidan tayyorlangan faxriy yorliqlari topshirildi.
Kun tartibidagi masalalar toʻliq koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶