TIBBIYoT XODIMLARI MEHNATI QADRLANAYoTGANI BIZGA KUCh-QUVVAT BAGʻIShLAYDI
Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida bayram qilinadi. Bu aholi salomatligini saqlash yoʻlida fidoyilik namunalarini koʻrsatayotgan yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlari mehnatiga hurmat-ehtirom namunasi, deb bilaman.
Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davrda qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish tizimi takomillashtirildi hamda aholining ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, fuqarolarga, jumladan, joylarda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmogʻi takomillashtirilmoqda.
Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha qator maqsadli milliy dasturlar amalga oshirildi. Bolalarning irsiy va tugʻma kasalliklar bilan tugʻilishining oldini olish maqsadida skrining markazlari tashkil etildi.
Tibbiyot tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida tumanimizda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1995-yilga nisbatan 4,6-yilga oshdi va bugungi kunda 73,7-yilni tashkil etmoqda. Kelgusida sohada xususiy sogʻliqni saqlash tizimi, davlat - xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish kabi koʻlamdor vazifalarni amalga oshirish bu koʻrsatkich yanada yuksalishiga zamin boʻladi.
“Tibbiy isloh qilish” Davlat dasturi asosida tibbiyot birlashmasini hozirgi davr talablariga moslash uchun 2018-yilda 2 mlrd. 250 mln., 2019-yilda 673 mln. soʻmlik taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, 2018-yilda Qilichboy ovuli hududidagi 7-sonli QOPda 980 mln. soʻmlik, Oq oltin ovuli hududidagi 3-sonli QOPda 890 mln. soʻmlik, Xitoy ovuli hududidagi 6-sonli QOP binosida 650 mln. soʻmlik kapital taʼmirlash ishlari bajarildi.
Aholiga birlamchi tibbiy sanitariya xizmati koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida 2020-yilda Kuyuk koʻpir ovulidagi 5-sonli QOP binosini 3,2 mlrd. soʻm byudjet mablagʻi hisobiga yangidan zamonaviy uslubda qurish, Doʻrman ovuli hududidagi QOP binosini 2021-yilda 2 mlrd. soʻm byudjet mablagʻi hisobiga kapital rekonstruktsiya qilish, Qangli ovuli hududidagi “Qangli” QVP binosini 1 mlrd. soʻm byudjet mablagʻi hisobiga joriy taʼmirlash rejalashtirilgan.
Davolash va tashhisni aniqlashda zamonaviy usullardan va yangi tibbiy asbob-uskunalardan keng foydalanish uchun tuman Tibbiyot birlashmasiga 2018-yilda 390 mln. soʻmlik va 2019-yilda 570 mln. soʻmlik tibbiy asbob-uskunalar xarid qilindi.
2019-yilning oʻtgan davrida birlashmamiz boʻyicha 38 nafar vrach, 34 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari malaka oshirdilar.
Tuman Tibbiyot birlashmasi Tez tibbiy yordam boʻlimida aholiga birlamchi tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun 10 ta shoxobcha Mangʻit shahri markazida 4 ta, ulardan 1 tasi Reanimatsion brigada orqali xizmat qilmoqda.
Bolalarda yuqumli kasalliklarning oldini olish boʻyicha ehtiyotdan emlash muolajalari reja asosida haftaning belgilangan kunlarida olib borilmoqda. 2019-yilning 9 oyida jami 12 ming 413 nafar bolalar kasalliklarga qarshi emlandi.
Odam papilloma virusiga qarshi vaktsinaning 2019-yil oktyabr oyidan milliy emlash kalendariga joriy qilingani – bu kelajakda ayol-qizlarimizni bachadon boʻyni saratoni kasalligidan himoya qilishga xizmat qilishi bilan juda ahamiyatlidir.
Tumanda 221 nafar patronaj hamshiralar oʻz xizmat vazifalari, bilimi, mahorati va tibbiy madaniyati boʻyicha toʻliq tayyorgarlikdan oʻtib, el salomatligi yoʻlida fidoyilik qilmoqda. Tibbiyot birlashmasining 38 nafar patronaj xizmati hamshiralariga olis qishloqlardagi aholi xonadonlariga qatnovni amalga oshirishlari uchun xizmat velosipedlari berildi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, patronaj hamshiralari yosh oilalar, fertil yoshdagi ayollar, bolalar va oʻsmirlar salomatligini oʻz vaqtida kuzatib borish bilan birga oʻzlariga biriktirilgan aholi xonadonlariga muntazam ravishda borib, turmush tarzi, sanitariya holatlarini ham oʻrganishmoqda. Xonadonlarda shaxsiy gigiyena qoidalari, ovqatlanish madaniyati, hovlidagi chiqindilarni yigʻish va chiqarish tartiblari boʻyicha suhbatlar oʻtkazishmoqda. Har bir uydagi oshxona, hojatxona, yuvinish xonalarini toza tutish, ularni belgilangan tartibda saqlash qoidalarini tushuntirishmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, shifokorlar, oʻrta tibbiyot xodimlari moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Buningdek eʼtibor bizni yana ham sidqidildan mehnat qilishga undaydi.
Bizning asosiy maqsadimiz tumanimiz aholisining sogʻlom yashab, baxtiyor, farovon turmush kechirishlariga erishishdir.
Tumanimiz tibbiyot sohasi faxriylari va xodimlarini tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor tabriklab, olijanob, sharafli va masʼuliyatli ishlarida omadlar tilayman.
Endirboy ABDULLAYeV, tuman Tibbiyot birlashmasi boshligʻi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶