OʻZ IJODI BILAN MANGU BARHAYoT ShOIR
(Hamid Olimjon tavalludining 110 yilligi oldidan)
Atoqli shoir va jamoat arbobi Hamid Olimjonning nomi XX asr oʻzbek adabiyoti tarixiga zarhal harflar bilan bitilgan.
Hamid Olimjon Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishning yorqin namunasi boʻlgan edi. Shoir atigi 35-yil yashadi. Lekin u qisqa davrda oʻz ijodi bilan oʻziga haykal qoʻyishga ulgurdi. Oʻttiz yoshida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi boʻlib saylandi. Bu voqea Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor singari zabardast va boshqa katta adiblar bilan yonma-yon yashayotgan bir vaqtda sodir boʻldi. Demak, u oʻzining qudratli, ajoyib isteʼdodi tufayli oqsoqol ijodkorlarning hurmatiga sazovor boʻlgan ekan.
Shoirning sheʼrlari nafaqat oʻzbek kitobxonlarini, ayni vaqtda, butun jahon oʻquvchilarining keng doirasini maftun etib kelmoqda.
XX asr oʻzbek sheʼriyatining kamol topishi, lirik janrlarning rivojlanishida Hamid Olimjonning munosib oʻrni bor. U tabiatan lirik shoir, nozik hissiyot va kechinmalar musavviridir. Uning ijod mevalari oʻzbek adabiyoti xazinasiga qoʻshilgan bebaho durdonadir. Uning eng yaxshi sheʼr va dostonlari Yevropa, Amerika, Osiyo qitʼalaridagi davlatlarda ham tarjima qilinib, oʻqilmoqda.
Hamid Olimjonni eslaganimizda, u bilan birga ulugʻ shoira Zulfiya ham koʻz oldimizda namayon boʻladi. Zulfiya Hamid Olimjon haqida shunday eslaydi: “Ulkan shoir oʻz ona tili va adabiyotining bilimdoni, kam uchraydigan qobiliyat va intizom sohibi, doʻstlariga mehribon, dushmanlariga ayovsiz Hamid Olimjon faqat mening turmush yoʻldoshim va farzandlarimning otasigina boʻlib qolmasdan, ayni chogʻda, qalbim va ruhimga uygʻun hamrohim va sezgir maslahatchim ham edi. Men undan fikrlashni, mehnat qilishni va sheʼr yozishni oʻrgandim, uning ijod maktabida taʼlim oldim”.
Shoirning asarlarini hozirgi kunda ham yoshlarimiz qunt bilan oʻqib, oʻrganib kelmoqdalar. Hamid Olimjon oʻzining nodir ijodi bilan oʻzbek adabiyotining koʻrki, iftixori boʻlib qoladi. U oʻz uslubi, oʻz ovoziga ega boʻlgan shoirdir.
Sayyora Saʼdullayeva,
87-sonli IDUM ona tili va adabiyot oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶