“BUVIJONIM KIYGAN LIBOSLAR” TADBIRI HAYoTIYLIGI BILAN MUHIM AHAMIYaTGA EGA
Biz yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish haqida juda koʻp gapiramiz. Turli mavzulardagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, davra suhbatlarida, seminar-treninglarda bu haqda bahs-munozaralar qilamiz. Bu kabi saʼy-harakatlarimiz maʼlum maʼnoda oʻz samarasini beradi, yaʼni yoshlarimizning kiyinish madaniyati, muomala madaniyati, milliy urf-odatlarimiz haqidagi tushunchalari boyiydi. Lekin yoshlarimizni maʼnan barkamol insonlar qilib tarbiyalashda oila – maktab – mahalla hamkorligi oʻta muhim ahamiyatga ega. Chunki oʻquvchining oila muhitida olgan tarbiyasi maktab taʼlimi bilan omuxtalashib, mahallada, jamoat orasida oʻzini tutishi, xalqimizning milliy-maʼnaviy urf-odatlariga munosabatida oʻz aksini topadi. Albatta, bunda maktabda oʻquvchi-yoshlar ishtirokidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning hayotiy lavhalar asosida oʻtkazilishi katta oʻrin tutadi.
Bizning 60-sonli umumtaʼlim maktabimizda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, oʻtkazish borasida oʻquvchi-yoshlar juda faol. Ular tadbirlar mavzulariga monand sahna koʻrinishlari, koʻrgazmali lavhalar tayyorlashda koʻpni koʻrgan nuroniylar, tajribali ustozlari bilan bamasalahat ish tutishadi.
Yaqinda maktabimizda oʻtkazilgan “Buvijonim kiygan liboslar” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirida men milliy matolarimizning inson salomatligiga ijobiy taʼsiri, milliy va oila qadriyatlarini asrab-avaylash borasida oʻquvchi-yoshlarga tushunchalar berarkanman, ularning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdim. Oʻquvchi-yoshlar oʻzbekona urf-odat va anʼanalarimiz, milliy matolarimizdan tikilgan goʻzal va koʻrkam liboslar, oila qadriyatlari, kiyinish madaniyati haqida toʻlqinlanib gapirishdi. Hatto moda ketidan quvib, bachkana kiyimlarni kiyib yuradigan ayrim tengdoshlarining xatti-harakatlari haqida salbiy fikrlar bildirishdi.
Tadbirda maktab boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti raisi S.Tajiboyeva tomonidan oʻquvchilarimizga “Buvijonim kiygan liboslar” mavzusidagi slayd taqdimoti namoyish etildi. Namoyish etilgan milliy liboslar, ayniqsa, buvijonlarimiz va onaxonlarimiz kiygan liboslar dizayni, ular tanlagan matolarning tabiiyligi, ayniqsa, tor va ochiq-sochiq emasligi oʻquvchi-qizlarda havas uygʻotdi.

Shundan soʻng oʻquvchi-yoshlar oʻzlari tayyorlagan liboslar koʻrgazmasini namoyish etdilar. “Buvijonlar kiygan liboslar”, “Onajonlar kiygan liboslar”, “Zamonaviy qizlar qanday kiyinishi kerak?”, “Uyda kiyiladigan, mehmonda, toʻy-marosimlarda, bayramlarda kiyiladigan liboslar”, shuningdek “Maktab oʻquvchisi qanday kiyinishi kerak?” mavzularidagi koʻrgazmalar boʻyicha muzokaralar boʻldi.
Oʻquvchilarimizning muzokaralardagi faolligi, bildirgan dadil fikrlari umumlashtirildi, yaʼni ularning milliy liboslarimizga, urf-odat va anʼanalarimizga, oila qadriyatlariga sadoqati va mehr-muhabbatidan biz ustozlar mamnun boʻldik.
- Oilalarda maʼnaviy-axloqiy tarbiyani yuksaltirishda oqila qizlarimizning oʻrni katta, - dedi tadbirda ishtirok etgan Bobur OFY xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi S.Rajabova. – Bugungi tadbirda oʻquvchi-qizlar namoyish etgan milliy liboslar, yuksak did bilan tayyorlangan koʻrgazmalar buning yaqqol isbotidir.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, milliyligimizni aks ettiruvchi bu kabi tadbirlar yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda oʻzining hayotiyligi va taʼsirchanligi bilan katta ahamiyat kasb etadi.
B.XUDOYBERGANOVA,
60-sonli maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶