“Biz OITSga qarshimiz”
Bugungi kunda sayyoramizda qirq milliondan ortiq inson orttirilgan immunitet tanqisligi kasalligiga chalingan. Shu boisdan ham kasallikning tarqalib ketishining oldini olish uchun butun dunyo miqyosida hamkorlikda kurash olib borilmoqda.
Kasallik belgilari darhol namoyon boʻlmasligi, odam 10-12-yilgacha OIV virusi yuqtirganini sezmay virus tashib yurishi mumkinligi unga qarshi kurashning ham nihoyatda murakkabligidan dalolat beradi.
Ushbu mashʼum kasallikka chalinganlar orasida turli sabablarga koʻra yashash joylarini oʻzgartirgan, oʻqish, ishlash maqsadida chet ellarga chiqib, uzoq muddatlar oʻz oilasidan ayro yashaganlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Jahon sogʻlikni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, ushbu kasallikning tarqalishining asosiy sababi – zino, axloqsizlikdir. Shu boisdan ham oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida xalqimizning asrlar osha avloddan avlodga meros boʻlib kelayotgan odob, ozodalik, sadoqat kabi insoniy fazilatlarni, sogʻlom turmush tarzi afzalliklarini chuqur singdirish muhim vazifa hisoblanadi.
1 dekbar – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni - butun dunyoda OITSning halokatli oqibatlaridan ommaning xabardorligini oshirish, sogʻlom turmush targʻiboti kuni sifatida nishonlanadi.
Sana munosabati bilan tumanimizda ham kasallik haqida aholini xabardor qilish, ayanchli oqibatlarini targʻib qilish maqsadida koʻpgina tadbirlar oʻtkazildi.
28-sonli maktabning biologiya fani oʻqituvchisi Toʻlgʻonoy Kenjaboyeva yuqori sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazgan “Biz OITSga qarshimiz” mavzusidagi tadbiri ham shu maqsadga qaratildi.
Tadbir avvalida yuqori sinflar oʻquvchilari orasida shu mavzuda insholar, rasmlar tanlovi eʼlon qilindi. Taqdim etilgan ijodiy ishlar maktab maʼmuriyati bilan bamaslahat odilona baholandi va tadbirda gʻolib oʻquvchilar eʼlon qilinib, taqdirlandi.
Tadbirda 1-dekabr sanasi har yili yurtimizda va butun dunyoda sogʻlom turmush tarzi targʻiboti sifatida nishonlanishi va kasallikka qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼruza oʻqildi. Shundan soʻng oʻquvchilar haqiqiy insoniy fazilatlar, yurtga fidoyilik tarannum etilgan sheʼrlar ijro etdilar.
2 ta 10-sinflar oʻquvchilari ota-onasining qarshiligiga qaramay oʻzga yurtlarga ishlash uchun ketib, nomaqbul kimsalarga qoʻshilib qolgan yigitning ayanchli qismatini sahna koʻrinishi orqali ifodalab berdilar.
Tadbir barcha oʻquvchilarda chuqur taassurotlar qoldirdi, sogʻlom turmush afzalliklarini koʻngillariga muhrladi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶