MAKTABDAGI SPORT MUSOBAQALARI – NUFUZLI BELLAShUVLAR SARI YOʻL OChADI
Tumanimizdagi 36-sonli umumtaʼlim maktabida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusning amaliy ijrosiga qaratilgan madaniy-maʼrifiy hamda sport tadbirlarini tashkil qilish va oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bu borada maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchi Soliy Yoʻldoshev tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Sportning olimpiya turlari boʻyicha tez-tez oʻtkazilib turiladigan sinflararo va maktab miqyosidagi musobaqalarda bolalar nafaqat oʻzlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishadi, balki iqtidorlarini namoyon etib, qaysi sport turiga koʻproq layoqatli ekanliklarini ham amalda koʻrsatadilar.
Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi sifatida Soliy aka Yoʻldoshev dars-rejasidan tashqari, oʻquvchi-yoshlarning jismoniy faolligini oshirish maqsadida qoʻshimcha mashgʻulotlar va musobaqalar ham tashkil etishga alohida eʼtibor qaratadi. Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, maktabning 6-sinf oʻquvchisi S. Soliyeva suv sporti boʻyicha Beruniy shahrida oʻtkazilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining hududiy bosqichida faxrli 3-oʻrinni egallab, oʻzining ushbu yoʻnalish boʻyicha iqtidorli ekanligini namoyon etdi.
S.Yoʻldoshev tomonidan tashkil etilgan yengil atletika sporti musobaqalarida ham maktabning iqtidorli sportchilari aniqlandi. Oʻgʻil bolalar oʻrtasida 60 metr masofaga yugurish boʻyicha musobaqalarda 8-sinf oʻquvchilari T.Bobojonov, D.Tojiboyev va 7-sinf oʻquvchisi O.Yoʻldoshevlar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi. 1000 metr masofaga yugurish boʻyicha bellashuvlarda esa 7-sinf oʻquvchisi D.Xoʻjamurodov oʻzining tengsiz ekanligini namoyon etdi. 8-sinf oʻquvchilari S.Kamolov 2-, Sh.Ollamov esa 3-oʻrin sohiblari boʻlishdi. Uzunlikka sakrash musobaqalarida 8-sinf oʻquvchilari T.Bobojonov, D.Tojiboyev, A.Otaboyevlar gʻoliblik shohsupasidan joy oldilar.
Masofaga yugurish boʻyicha qiz bolalar oʻrtasida musobaqalar yanada qizgʻin va bahslarga boy boʻldi. Unda 60 metr masofaga yugurishda 8-sinf oʻquvchilari Sh.Sobirova, M.Berdiboyeva, 7-sinf oʻquvchisi M.Sobirova, 1000 metr masofaga yugurishda 6-sinf oʻquvchisi M.Chorshamboyeva, 8-sinf oʻquvchilari M.Berdiboyeva, G.Xolboyevalar musobaqa peshqadamlari boʻlishdi. Uzunlikka sakrash boʻyicha musobaqalarda 7-sinf oʻquvchilari M.Sobirova, I.Matyoqubova, 8-sinf oʻquvchisi S.Nazirboyevalar gʻoliblikka erishdilar.
Yaqinda S.Yoʻldoshev yana bir sport musobaqasini tashkil etdi. Unda maktabning yosh sportchilari aql gimnastikasi – shaxmat sporti boʻyicha oʻz aql-idroklarini namoyish etdilar.umumtaʼlim maktablarda oʻtkaziladigan sinflararo sport musobaqalari sportga qiziquvchi yoshlarni katta sportga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Bunday musobaqalar oʻquvchi-yoshlarning oʻziga ishonchini mustahkamlaydi. Oʻquvchi-yoshlar bilan shugʻullanishdan toʻxtamaydigan Soliy aka Yoʻldoshev kabi fidoyi oʻqituvchilar esa ularni maktabdan tashqari nufuzli sport musobaqalarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishga undab, iqtidorini yuzaga chiqaradi.
Iroda YeRDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶