“HOKIM KUBOGI”NI 17-SONLI MAKTAB OʻQUVChILARI QOʻLGA KIRITIShDI
Davlatimiz tomonidan oʻsib kelayotgan yosh avlodning barkamol boʻlib ulgʻayishi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotir. Yurtimizda keng koʻlamda amalga oshirilayotgan sogʻlomlashtirish tadbirlaridan koʻzlangan maqsad ham aholini, xususan, oʻquvchi-yoshlarni sportga kengroq jalb qilish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini taʼminlash, shu asosda sogʻlom va barkamol avlod shakllanishiga erishishdan iborat.
Oʻquvchi-yoshlar orasida sport turlari boʻyicha maktab, maktablararo va tuman boʻyicha turli sanalar munosabati bilan oʻtkazilayotgan musobaqalar, shuningdek, “Umid nihollari” musobaqalari tobora ommalashmoqda. Shu bilan birga jahon andozalariga javob beruvchi sport inshootlarini qurish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilayotganligi olis-olis hududlarda ham sport sogʻlomlashtirish inshootlari, kichik futbol maydonchalari qurilib foydalanishga topshirilayotganligi esa yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishlariga asos boʻlayotir. Bu – ertamiz yaratuvchilari boʻlmish yosh avlod salomatligiga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor namunasi desak, adashmagan boʻlamiz.
Shu yilning 17-yanvarida 35-sonli maktabda tumanimizning Xolimbeg, Doʻrman ovullari hududidagi 8 ta – 14-, 20-, 35-, 53-, 69-, 70-, 73-, 84-sonli maktablarning 9-11-sinflari oʻquvchilari orasida sportning futbol turi boʻyicha “Hokim kubogi” uchun katta musobaqa oʻtkazildi.
Shunisi eʼtiborliki, shu yilning 16-yanvar kuni tumanimiz yoshlari hayoti bilan tanishgan Respublika ishchi guruhi aʼzolari 35-sonli maktabda oʻquvchi-yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari, sport turlari, ayniqsa, futbol bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan sharoitlarga ulkan baho berishdi. Shuningdek, bundan unumli foydalanish, yoshlar orasida turli musobaqalarni tez-tez tashkil etib, iqtidorli bolalarni aniqlash, ular bilan alohida shugʻullanib, qobiliyatini rivojlantirish lozimligini uqtirishgan edi.
“Hokim kubogi” uchun ikkala ovul yoshlari orasida oʻtkazilgan futbol musobaqasi hudud yoshlarining koʻnglidagi intilishlarga ham hamohang edi. Sport bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻz mahoratini oshirgan yosh sportchilar musobaqalar davomida gʻoliblik uchun harakat qildilar.
Qizgʻin bellashuvlar bilan kechgan musobaqa natijalariga koʻra, 17-sonli maktab oʻquvchilari birinchi, 35-sonli maktab oʻquvchilari ikkinchi, 70-sonli maktab oʻquvchilari esa uchinchi oʻrinni yengib oldilar.
Gʻolib jamoalar tuman hokimligi tomonidan diplom hamda taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shunday qilib, “Hokim kubogi” 17-sonli maktab oʻquvchilari jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa oʻquvchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi, gʻoliblik uchun hamjihatlikda intilish tuygʻularini tarbiyaladi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶