MASTLIK OILAGA MODDIY ZARAR YeTKAZDI
Mastlik – ixtiyoriy telbalik, deydilar. Agar shunday boʻlmaganida Nurilla Eshimov (ism-familiyalar oʻzgartirildi) gʻaflat bosib, mast holatida avtomobil boshqararmidi? Boshi aylanib, koʻz oldida narsalar bir-biriga qorishib ketayotganini bilsa-da, “toza havoga chiqsam, oʻtib ketadi, oʻzimga kelib qolaman”, - degan oʻy bilan ishonchnoma bilan oʻzi boshqarib yurgan “Spark” rusumli avtomashinaga oʻtirdi-yu, koʻzlagan manzili tomon yelday uchdi. Ammo...
Boshini gʻovlatib turgan spirtli ichimlik oʻz ishini qildi. Mastlik tufayli boshqaruvni yoʻqotgan Nurillaboy shundoq yoʻl chekkasida turgan fuqaro Murod Ametovga (ism-sharifi oʻzgartirildi) tegishli “Neksiya” rusumli avomobilning orqa tomonidan borib urildi. Natijada nafaqat boshqa bir begunoh fuqaroga, balki oʻz oilasiga ham moddiy va maʼnaviy zarar yetkazdi.
Huquqbuzar Nurilla Eshimov bu hatti-harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi tomonidan jazolandi. Unga koʻra, huquqbuzar Nurilla Eshimov 1-yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalari boʻyicha unga nisbatan katta miqdorda jarima jazosi tayinlandi.
Shuni aytadilar-da, “mast boʻlding, past boʻlding”, deb. Eng yomoni, u endi mastlik oqibatida yoʻl qoʻygan xatosi tufayli oʻz oilasi rizqidan uzib, katta miqdorda jarima toʻlashga majbur.
Munavvar KARIMBOYeVA,
Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶