BOʻZYoP OVULIDA SEKTOR RAHBARI TAShABBUSI BILAN KAM TAʼMINLANGAN OILALAR HOLIDAN XABAR OLINDI
Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarning tashkil qilinishi mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini taʼminlashda muhim vosita boʻlmoqda. Navbatdagi lavhamiz Amudaryo tumanidagi 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganov tashabbusi bilan Boʻzyop ovulida kam taʼminlangan oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida.
Ijtimoiy ahvoli qiyin boʻlgan, sogʻligʻi, yoshi va boshqa sabablarga koʻra ogʻir ahvolga tushib qolgan shaxslar va oilalar davlatimizning insonparvarlik tamoyillariga koʻra, ijtimoiy himoyaga olinadi. Har bir mamlakat ijtimoiy himoya tizimining sifati va miqdori jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasidan dalolat beradi.
Yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi uchta asosiy shaklga ega boʻlib, bular ijtimoiy taʼminot, ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy yordamdir.
Bundan koʻzlangan maqsad aholi farovonligini muttasil oshirib borish, aholi qatlamlarining taʼlim, madaniyat, kasb malakasi va daromadlari jihatidan keskin tafovutlanishiga barham berish, barcha fuqarolarga munosib hayot darajasini taʼminlashdir.
Bulardan tashqari xalqimizning asrlar osha avloddan avlodga oʻtib, sayqallanib, bizgacha yetib kelgan shunday hayotbaxsh urf-odatlari, qadriyatlari borki, topganini birodari bilan baham koʻradi, yordamga muhtoj boʻlganlardan borini ayamaydi.
Ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan bu qadriyatlar hayotda barchani ezgu, savobli amallarni ado etishga undab turadi.
Yaqinda tumanimizdagi 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudoyberganov tashabbusi bilan sektor hududidagi kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olindi va ularga moddiy koʻmak berishdek xayrli ishlar amalga oshirildi. Tadbirda Boʻzyop ovul fuqarolar yigʻini raisi Mahmud Eshchonov, profilaktika inspektori, katta leytenat Jengis Ajimov, tuman Xotin-qizlar qoʻmitasining Boʻzyop ovulidagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi Gulzoda Koʻbayevalar ishtirok etdilar.
Ovul hududida uyma-uy yurish orqali aholi xonadonlari ahvolini oʻrganish davomida aniqlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan va nogironligi bor fuqaro yashaydigan 3 oilaga “Tajiboyev Rustam” fermer xoʻjaligi raisi Aminboy Tojiboyev, 1 oilaga “Qarchigʻayev Qoʻchqorboy” fermer xoʻjaligi raisi Qoʻchqorboy Qarchigʻayev, 2 oilaga “Aytboy - Otaxon” fermer xoʻjaligi raisi Matnazar Hayitboyev, 1 ta oilaga “Oʻtkirbek Gulmirzayevich” fermer xoʻjaligi raisi Oʻtkirbek Otajonovlar oziq-ovqat mahsulotlarini berishdi. Mazkur fermer xoʻjaliklari raislari oʻz hududlaridagi bu oilalarni oʻz homiyliklariga olib, kelgusida muntazam koʻmak berib turishga kelishib oldilar.
Savob ishni hamma har kuni qilishi kerak, deydi koʻpni koʻrgan keksalar. Aytish mumkinki, amalga oshirilayotgan buningdek xayrli amallar necha-necha koʻngillarni obod qiladi.
O.Rajabova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶