“Murodbek” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini boshladi
Mamlakatimizda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish koʻrsatkichlarini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki, bogʻcha taʼlimi va tarbiyasini olgan bolaning maktab darslarini oʻzlashtirish koʻrsatkichlari ham ancha yaxshi boʻladi. Navbatdagi lavhamiz tumanimizdagi 40-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining faoliyati xususida.
Tobora rivojlanib borayotgan mamlakatimizni yanada ravnaq toptirish – bugungi yosh avlodning bilim va salohiyatiga bogʻliq. Bunda, albatta, bolajonlarga, yoshlarga berilayotgan taʼlim-tarbiya muhim ahamiyatga ega. Chunki yaxshi taʼlim-tarbiya olgan bolagina el-yurtga fidoyi boʻladilar, oʻzlarini ona Vatan tinchligiga, kelajagiga daxldor deb biladilar. Shuning uchun ham mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasiga eng ustuvor vazifa sifatida qaraladi.
Soʻnggi uch yil ichida taʼlim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar salmogʻi ham, muassasalar soni ham keskin oshdi. Natijada 6 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlim takshilotlariga qamrab olish boʻyicha ijobiy natijalarga erishildi.
Birgina bizning tumanimizda oʻtgan yil davomida 1 ta davlat xususiy sheriklik asosida, 27 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti yangidan tashkil qilindi va maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 82 taga yetkazildi. Yana 22 nafar tadbirkor tomonidan nodavlat MTTlar tashkil etish yuzasidan bitim tuzish uchun hujjatlar tayyorlanib, Maktabgacha taʼlim vazirligiga taqdim etilgan. Ayni paytda tumandagi 3-6 yoshli bolalarning 45,5 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan.
Tumandagi 40-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti 1991-yilda qurilgan boʻlib, 140 nafar kichkintoyni tarbiyalashga moʻljallangan. Davlatimizning sohaga qaratayotgan eʼtibori va kun sayin oshib borayotgan talablar bois, 2016-yilda muassasa binosi kapital taʼmirlandi va qoʻshimcha, qulay sharoitlar yaratildi. Natijada yangi guruhlar tashkil etilib, hududdagi bolalarni qamrab olish koʻrsatkichi ham oshdi.
Bugungi kunda tashkilotda 9 ta guruhda 250 nafar jajji bolajonlar tarbiyalanmoqda. 16 nafar pedagog-tarbiyachilarning 4 nafari oliy, 2 nafari tugallanmagan oliy maʼlumotga ega. 10 nafar xodimlar esa oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislardir. Tarbiyachi-pedagoglar Nafisa Ismoilova, Albina Eshnazarova, Shohista Jamolovalarning “oʻrgan-oʻrgat” tamoyili asosida ish yuritishlari tufayli tarbiyalanuvchilar oʻrtasida tuman miqyosida oʻtkaziladigan “Sogʻlomjon-Polvonjon”, “Bilagʻon bolajonlar” kabi bellashuvlarda 40-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti hamisha peshqadam.
Bolajonlarning sogʻlom va epchil, intiluvchan boʻlib ulgʻayishlarida bosh oshpaz Saida Jumamurodovaning hissasi katta. Hamshira Dilbar Qurbonboyeva esa bolajonlarning salomatligini doimiy ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib boradi.
Joriy yilning yanvar oyida tumanimizda boʻlgan Ishchi guruhi aʼzolari ushbu muassasada boʻlishib, olib borilayotgan taʼlim-tarbiya sifati bilan tanishdilar va xodimlarning ish tajribalari, erishayotgan yutuqlarini tahlil qilishdi. Ish samarasini ijobiy baholadilar va tarbiyalanuvchilar uchun keltirgan sovgʻalarini topshirdilar.
Muassasadagi guruhlarda bolalarning yoshi, qiziqishlari boʻyicha taʼlimiy mashgʻulotlar olib borish, qobiliyatli bolajonlar ishtirokida alohida tarbiyaviy soatlar tashkil etish, ularning jismoniy yetuklik sari qadam qoʻyishlarini shakllantirish maqsadida chiniqtiruvchi mashqlar, qiziqarli sport oʻyinlari oʻtkazilayotgani kelgusida albatta oʻzining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶