Sohibaning orzulari
Sohiba bugun har kungidan barvaqt oʻrnidan turdi. Qalbida olam-olam hayajon. Chunki bugun tumanda oʻtkaziladigan Fanlar olimpiadasiga qatnashadi.Yil davomida esa u oʻzi sevgan fani matematikadan astoydil tayyorlanib bordi. Bu fanga u kichik paytlaridan boshlab qiziqadi. Matematika amallarini bajarish, javoblarni toʻgʻri topish unga olam-olam quvonch bagʻishlaydi.
Oʻtgan yili ham fanlar Olimpiadasida u matematika fanidan qatnashib, faxrli 1-oʻrinni egallagan edi. Bu yilgi niyatlari yanada jiddiy. Chunki kelajakda oʻzi tanlagan soha boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlish uchun matematikani mukammal bilishi zarur. Hozirgi shiddatkor davr esa har bir soha mutaxassisidan chuqur bilim va tafakkur talab etadi.
Buning uchun faqat oʻqish va izlanish kerak xolos.
- Men kelgusida maktabni tugatgach eng avvalo 3-sonli Amudaryo akademik litseyida aniq fanlar yoʻnalishida oʻqish niyatim bor. Keyinchalik esa Toshkent Moliya Oliygohida oʻqishimni davom ettirmoqchiman. – deydi Sohiba.
Darhaqiqat,Sohibaning yosh koʻnglida olam-olam orzulari bor. Eng muhimi esa u kelajak rejalarini hozirdanoq tuzib olgan. 9-sinf oʻquvchisi Sohiba Ismoilova bu yil ham maktabimiz jamoasining ishonchini oqlab, Fanlar Olimpiadasida matematikadan faxrli 1-oʻrinni oldi. Uning bu erishgan yutuqlarida albatta matematika fani oʻqituvchisi Muborak Sobirovaning ham hissasi katta. Darsdan boʻsh paytlarida u Sohibaga matematika fanining barcha sir-asrorlarini oʻrgatib bordi.
Sohiba barcha fanlardan aʼlo oʻyishga harakat qiladi. Uning erishgan barcha muvaffaqiyatlarida esa oila muhiti ham katta oʻrin tutadi. Uning otasi Ozod Matmuratov va onasi Nazira Usmonova ham ziyoli, obroʻ-eʼtiborli insonlardan biri. Bu oilada farzandlarning oʻqishi va tarbiyasiga doimo alohida eʼtibor berilib kelinadi. Sohibaning akasi Sardor Ismoilov hozirgi kunda Toshkent Moliya oliygohi talabasi boʻlsa, opasi Sojida esa 3-sonli akademik litseyning namunali oʻquvchilaridan biri. Ukalari esa maktabning aʼlochi oʻquvchilari safida. Biz Sohibaga kelgusi orzulariga yetishishida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Z.RAJABOVA,
8-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶