4-sonli MTTda "Buyuklarga ehtirom" deb nomlangan tadbir oʻtkazildi
Mamlakatimizda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish maktabgacha taʼlim tizimidagi eng dolzarb boʻlib turgan masalalardan biri. Shu boisdan ham yangidan-yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilib foydalanishga topshirilmoqda, faoliyat koʻrsatib turgan tashkilotlarga gʻamxoʻrlik kuchaymoqda. Bolajonlarni maktab taʼlimiga sifatli tayyorlash, sogʻlom ovqatlantirish va jismoniy faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bolalikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh kabi oʻchmaydi. Aksincha, ularning intilishlariga qanot bagʻishlaydi.
Tumanimizda faoliyat yuritayotgan 4-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlarning zehnini yuksaltiruvchi turli fan, sport toʻgaraklari, badiiy havaskorlik toʻgaraklari muntazam ishlab turibdi. Tashkilotda ayni kunda – nafar bolajonlar taʼlim-tarbiya olishmoqda. Ularga “Ilk qadam” dasturi va boshqada ilgʻor pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanilgan holda mashgʻulotlar olib borilib, intellektual salohiyatini yuksaltirishga eʼtibor berilayotir.

Shu yilning 14-fevralida buyuk bobokalonlarimiz, mumtoz adabiyotimizning ulugʻ namoyandalari mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari munosabati bilan oʻtkazilgan “Buyuklarga ehtirom” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy kechada ham bolajonlarning tarbiyachilaridan olayotgan saboqlarini qay darajada oʻzlashtirayotganliklari namoyon boʻldi.
Tadbirda tashkilotning maktabga tayyorlov guruhi tarbiyachisi Dildora Iskandarova tarbiyalanuvchilariga Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, ularning aqlu-zakovati, bilimdonliklari, hayoti davomida amalga oshirgan ibratli ishlari haqida soʻzlab berdi. Shundan soʻng, kichkintoylar bobokalonlarimiz ijodiga mansub gʻazal, ruboiy va dostonlardan namunalarni ifodali qilib, yod aytdilar. Bolajonlarning milliy kiyimlarda mumtoz adabiyotimiz namunalarini shirin zabonda ijro etishlari tarbiyachilarni ham, tadbirga tashrif buyurgan ota-onalarni ham toʻlqinlantirib yubordi. Ayniqsa, bolajonlar tomonidan teatrlashtirilgan sahna koʻrinishida sarkarda Bobur va saroy ayonlari obrazilari ifodalangani barchaga manzur boʻldi.“Non isi”, “Tandir qura olmagan – uy qura olarmidi”, deya nomlangan sahna koʻrinishlarini ham bolajonlar yuksak mahorat bilan ijro etdilar.
Tadbir tashkilotning maktabgacha tayyorlov guruhi tarbiyachisi Dildora Iskandarova, katta guruh tarbiyachilari Manzura Rajabova, Manzura Ahmedova, Nigora Yoʻldosheva, musiqa rahbarlari Ilhom Xudoyorov, Nurbek Rajabov, raqs toʻgaragi rahbari Nazokat Ismoilovalar hamkorligida tayyorlandi.
Tadbir bolajonlarni ikki ulugʻ mutaffakir shoir hayoti va ijodi bilan yanada yaqinroq tanishtirishga, buyuklarga nisbatan koʻngillarida ehtirom uygʻotishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Bu kabi madaniy-maʼrifiy tadbirlar bolajonlarda ulugʻ ajdodlarimizga ehtirom, ona Vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantiradi. Buyuk bobomiz asarlarida tarannum etilgan umuminsoniy qadriyatlar esa ularning har jihatdan sogʻlom, yuksak maʼnaviyatli boʻlib ulgʻayishlarida muhim oʻrin tutadi.
O. Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶