INSON HAYoTI OʻYINChOQ EMAS...
Xozirgi kunda ikki-uch kishi yigʻilgan joyda suhbat Xitoy davlatining Uxan shahridan tarqalgan koronavirusdan boshlanib, koronavirus mavzusi bilan tugayapti, desam lof boʻlmas. Tanish-bilishlar bilan salomlashsangiz ham omon-esonlik oʻrniga koronavirus haqida gap ochadi. Kecha ishdan qaytayotib, taksiga chiqdim. Mashina ichidagi ikki yoʻlovchi va haydovchi ham shu xususda gaplashayotgan ekan.
– Oʻzbekistonda ham shu kasallikka chalinganlar koʻp ekan. Biroq hukumat ularni yashirin davolayotgan ekan, - dedi pinagini buzmay 25-30 yoshlar atrofidagi taksichi yigit.
– Ofat-da, ofat, – deb qoʻydi koʻksiga tuflab old oʻrindiqda oʻtirgan keksa otaxon. – Avvallari bunday emasdi, hech kim deyarli kasal boʻlmasdi. Hozir kasallikning turi ham, kasallanayotganlarning soni ham koʻpayib ketdi.
– Yana Xitoyda yashayotgan, oʻqiyotganlarni Oʻzbekiston qaytarib olib kelishgani chatoq boʻpti, ular shu kasallik virusini yuqtirmagan, deysizmi? Ichida nechta kasallanganlari bordir, – soʻzida davom etdi taksi haydovchi.
– Ishqilib, kecha bolalarim oʻqiydigan maktabga shifokorlar borib, koronavirus degan kasal tarqaldi, ehtiyot boʻlinglar, debdi-yov, – gapga aralashdi mening yonimdagi ayol. Indamay turolmadim:
– Sen ham shularning qatorida boʻlsang, demoqchimanki, Xitoyda ishlayotgan yo oʻqiyotgan boʻlganingda ham shu gaplarni aytarmiding, bolam? – haydovchiga savol berdim men.
Hozircha bizga koronavirus yetib kelgani yoʻq, kelmagay ham. Xitoydagilarning olib kelingani davlatimizning xalqparvarligidan. Xavfli hududda oʻz bolalarini tashlab qoʻymaganini, qancha sarf-xarajatlar evaziga olib kelinganini, ular ikki hafta karantinda saqlanishiga qancha mablagʻ sarflanayotganini bir oʻylab koʻr. Axir ular ham sen kabi shu yurt bolalari boʻlgani uchun. Qolaversa, endi qoʻrqmasak boʻladi, koronavirus davosini topishdiku olimlar.
– Oʻylasang – qoʻrqib ketasan, odam. Ishqilib, bizda tarqalmagani rost boʻlgay.
Yonimdagi ayol soʻzini tugatar-tugatmas, mashinaga toʻrtinchi yoʻlovchi chiqdi va yoʻlga tushdik. Mashinasini oʻnqir-choʻnqir yoʻlning sozroq joyidan haydashga intilib, goh oʻng, goh chap tarafida boshqarib borayotgan haydovchi yigit endi telefonda bir oʻtirishda birga ulfatchilik qilgan joʻrasi bilan suhbatlasha boshladi. Mashina tezligi yuqori boʻlishiga qaramay, bir qoʻli rulni goh u yoqqa, goh buyoqqa buradi, biz yoʻlovchilar unga sayin u yoqqa, bu yoqqa chayqalamiz.
– Bolam, gapingni bizni manzilga olib borib qoʻyib, keyin gaplash, - eʼtiroz bildirdim. Shunda u qattiq kulib yubordi. U telefonda aytilayotgan gapga kuldimi, mening gapimgami – anglolmadim. Biroq suhbat ham toʻxtamadi, tezlik ham pasaymadi.
– Sen bola gapga quloq solasanmi, yoʻqmi, – dedim endi ovozimni koʻtarib.
– Ha, ayapa, – dedi haydovchi oʻgirilib kulimsiraganicha.
– Yoʻlingga qara, menga emas. Sal sekinroq hayda, deyapman. Boyadan beri koronavirus deb odamlarga vahima qilib oʻtiribsan, sening bu mashina haydashing koronavirusdan ham xavfli-ku.
– Ha, sal sekinroq haydagin-da, – gapga qoʻshildi otaxon.
– Olti yildan beri shu yoʻlda odam tashiyman. Yoʻlning har bir oʻyiq, har bir belgisi yod boʻlib ketgan. Koʻzimni yumib haydab ham sizlarni oborib qoʻya olaman, qoʻrqmang.
Haydovchi bola sal boʻlsa-da shashtidan tushmadi. Astagʻfurulloh, deb eson-omon manzilimga yetganimga shukur qilib, mashinadan tushib qoldim.
Tushib qoldim-u haydovchi yigitning “bu yoʻllarda koʻzimni yumib ham sizlarni oborib qoʻya olaman”, deb magʻrurlanib turgan holati koʻz oʻngimdan ketmaydi. Shunisi xavotirliki, xoh markaziy, xoh ichki yoʻllarda boʻlsin, mashinalarni yuqori tezlikda haydash, yoʻlda harakatlanish chogʻida bir-birovni quvib oʻtishga intilish, yoʻlovchilarga hurmatsizlik bilan qarash (oʻsha taksichiga oʻxshab) juda urf boʻlgan. Agar chorrahalarda mashinalar harakatini kuzatsangiz – baʼzan svetoforning chirogʻiga ham boʻysunmay, oʻzi kabi yoʻl harakati ishtirokchilari hayotiga xavf tugʻdirib, chorrahalarni kesib oʻtayotganlarni ham uchratishingiz mumkin. Mana shunday qarashlar oqibatida har kuni yoʻllarda qanchadan-qancha koʻngilsiz hodisalar sodir boʻlayapti, baʼzi hollarda beayb yoʻlovchilar ularning aybi bilan halok boʻlayotir.
Yaqinda markaziy telekanallardan birining axborot dasturida bir mast holdagi haydovchi yoʻlda harakatlanib ketayotib, boshqaruvni yoʻqotib, Damas rusumli avtomashinaga yuqori tezlik bilan kelib urilgani va oqibatda besh nafar kishi hayotdan koʻz yumgani haqidagi lavha efirga uzatildi. Aybdor sudning qora kursisida oʻtirib ham oqibati bunday boʻlishini bilmagandim, bilganimda ichmasdim, dedi.
Qarang-a! Besh odamning hayotini barbod qilib qoʻyib, ochiqrogʻi, besh odamning qotiliga aylanib ham oʻzini oqlashga urinayapti u. Aslida mast odam oʻzini jismonan ham, ruhan ham meʼyorda ushlab tura olmasligi hammaga ayon emasmi? Odamni tashvishlantiradigani – yoʻllarda haydovchilarning avtomobil boshqarish madaniyatiga, qonun-qoidasiga amal qilmaslikning oqibatini his qilmaganidir.
Eʼtibor qilayotgan boʻlsangiz keyingi yillarda yoʻllar boʻylarida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim, maktabgacha taʼlim muassasalari roʻparalariga oʻtish yoʻlaklari chizilib, hatto bu yerdan bolalar oʻtadi, degan maʼnoda yoʻl chetiga oʻquvchi surati aks ettirilgan belgilar qoʻyildi. Shu belgi oldida oʻquvchilarning yoʻlni xavfsiz kesib oʻtishlari uchun oʻqituvchilarning navbatchiliklari ham tashkil etilgan. Biroq aynan shu yerda turib avtomashinalar harakatini kuzatsangiz – ayrimlar ushbu hududdan ham bemalol tezligini pasaytirmay, bamaylixotir oʻtib ketayotganiga guvoh boʻlasiz. Shunda koʻnglingizga shunday savol keladi: nahot haydovchilarning vaqti shunchalik tigʻiz boʻlib ketayapti? Nahot yoʻl harakati qoidalari, inson hayoti xavfsizligi – amal qilishga arzimas masala boʻlsa? Axir ostona hatlab koʻchaga chiqqan barcha odamlarning, bolalarning ham oilasida yoʻliga koʻz tikib, kutib oʻtiradiganlari bor-ku!
Mening bu borada soʻz yuritishim bejiz emas. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 21-yanvardan 31-yanvargacha 10 kun ichida mamlakatimiz hududida 125 ta yoʻl transport hodisalari sodir etilgan. Natijada 59 kishi hayotdan koʻz yumgan, 93 nafari esa turli darajada tan jarohatlari olgan. Yanvar oyi davomida esa 114 nafar fuqarolar yoʻl transport hodisalari natijasida vafot etishgan. Bu raqamlar koronovirus xavfidan kammi?
Albatta, men butun dunyo aholisi tinch-osoyishta, farovon yashashi tarafdoriman. Biroq dunyoning bir burchagidagi xavfni elga yoyib, odamlar koʻnglida xavotir uygʻotishga urinayotganlar oʻzimizdagi mavjud xavflarning – har yili necha-necha odamlar ichkilik, chekish tufayli vafot etishayotgani, bir-birovning joniga qasd qilishlar tobora koʻpayib borayotgani haqida qaygʻurishsa, YTHlarning oldini olishga harakat qilishsa, boʻlmasmidi, deb oʻylayman.
Ehtimol, bu bir mulohaza qilib koʻrishingizga arzir? Nima dedingiz? Axir inson hayoti uyinchoq emas-ku!
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶