ENDILIKDA ISh BERUVChILAR OʻZ XODIMLARINING DAM OLISh HUQUQLARIGA SOʻZSIZ RIOYa ETIShI LOZIM BOʻLADI!
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasi yollanib ishlayotgan barcha fuqarolarga dam olish huquqini kafolatlaydi.
Biroq shunga qaramasdan oxirgi yillarda xodimlarning mehnat huquqlari poymol boʻlishiga olib keluvchi holatlar (dam olish va bayram kunlari ishga chaqirib olish, ish vaqti tugagandan keyin xodimni ushlab oʻtirish va boshqa shu kabi holatlar) koʻplab uchrab turardi.
Mazkur masala amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solingan boʻlsada, biroq unga hamma ish beruvchilar ham toʻliq amal qilmasdi. Natijada bunday qonunbuzilishlar xodimlarning ishchanlik salohiyatiga, ruhiyatiga va oilaviy muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmasdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 3-oktyabrdagi 5843-sonli Farmonining 11-bandida barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlariga soʻzsiz rioya etish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish holatlariga, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini obroʻsizlantiradigan boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida qattiq ogohlantirilgan.
Farmonning mazkur bandi ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va qoʻmitalar quyi turuvchi barcha idora va tashkilotlariga xodimlarning mehnat huquqlariga qatʼiy rioya etishni talab qiluvchi buyruq va koʻrsatmalarni berdilar.
Xoʻsh Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi xodimlarning dam olish huquqiga oid qanday normalarini belgilaydi. Quyida bu boradagi qonun normalariga qisqacha toʻxtalamiz:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 129-moddasiga koʻra, barcha xodimlarga dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish) beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa, bir dam olish kuni beriladi.
Dam olish kunlarida ishga jalb etishning cheklanishi Mehnat kodeksining 130-moddasida belgilangan. Unga koʻra dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi boʻyicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Xodimlarni ular dam oladigan kunlari ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Dam olish kunlarida bajarilgan ish uchun kompensatsiya va haq toʻlash ushbu Kodeksning 157-moddasiga binoan amalga oshiriladi.
Ish vaqtidan tashqari ishlar hamda dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun haq toʻlash tartibi kodeksning 157-moddasida koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi. Toʻlanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi toʻlanadi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi xodimlarning dam olish huquqlari borasida faqatgina umumiy qoidalarni belgilamasdan, jamiyatning alohida himoyaga muhtoj toifalari uchun alohida imtiyoz va afzalliklarni ham bergan.
Jumladan, kodeksning 220-moddasi nogironlar mehnatini muhofaza qilishning qoʻshimcha choralarini koʻrsatib oʻtgan. Unga koʻra ish beruvchi belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi tomonidan yoʻllangan nogironlarni ishga qabul qilishi shart.
TMEKning nogironlarga toʻliqsiz ish vaqti rejimi oʻrnatish, ularning vazifasini kamaytirish va mehnatning boshqa shartlari haqidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiydir.
I va II guruh nogironlariga mehnatga haq toʻlash kamaytirilmagan holda ish vaqtining haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
I va II guruh nogironlariga oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan yillik uzaytirilgan asosiy taʼtil beriladi.
Nogironlarni tungi vaqtdagi ishlarga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Kodeksning 228-moddasi esa tungi ishlarda, ish vaqtidan tashqari ishlarda, dam olish kunlaridagi ishlarda ayollar mehnatini qoʻllanishni va ularni xizmat safariga yuborishni cheklaydi.
Xususan, bunda homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmasligi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Shuningdek kodeksning 228-1-moddasida uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan tashkilotlar va muassasalarda ishlayotgan ayollarning ish vaqtining qisqartirilgan muddatiga boʻlgan huquqi ham kafolatlangan. Yaʼni uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Ish vaqtining qisqartirilgan muddati chogʻida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ayollar mehnatiga haq har kungi toʻliq ish muddati chogʻida tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi.
Kodeks shuningdek oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etishni ham taqiqlaydi (245-modda).
Qayd etib oʻtilgan mazkur normalarga ish beruvchilarning amal qilmasligi esa Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 49-moddasida belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi va mehnat huquqi inspektorlari tomonidan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma tuzilishga asos boʻladi.
Shunday ekan endilikda ish beruvchilar oʻz xodimlarining dam olish huquqlariga soʻzsiz rioya etishi lozim boʻladi!
M.Matyusupov, Amudaryo tuman Adliya boʻlimi boshligʻi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶