BEShIK TOʻY HANGOMASI
Yosh oila qiz farzandli boʻldilar. Quda tomondagilar beshik olib kelishdi.
Eshikdan ikkita, yozgi va qishki bolalar aravachasi, bitta karavotcha, ikkita katta va kichik velosipedcha, bir sandiq qiz bolalar kiyim-kechaklari solingan qutilar va tugunlar olib kirildi, yana deng, toʻrt faslga monand! Katta-katta yumshoq oʻyinchoqlar... Sovgʻa-salomning soniga yetish qiyin. Togʻora-yu qutilar uyga sigʻmay ketdi. Qilgan sarf-xarajatiga yarasha barcha qarindosh, urugʻ-aymoqlarini ergashtirib kelgan. Katta ayvon kelinning ayol qarindosh-urugʻlariga toʻldi. Yana bir ayvon erkak qudalarga.
Ikki xil taom ketma-ketlikda tortildi. Yedilar-ichdilar, erkaklar mast holda biri-birini soʻka boshladilar. Ogʻizlaridan chiqayotgan gap-soʻzlarni ongli inson jim eshitib tura olmaydi. Lekin iloj qancha, ular mehmon, biron gap aytib boʻlmasa.
– Mana, qudagʻay, koʻrdingiz, – dedi marosim oxirlayotganda kelinning onasi, – qarindosh-urugʻlarim koʻp, qudagʻay, qaytsak, shu kelganlarning hammasini rozi qilasiz.
Kuyovning onasi duduqlandi:
– Ni-nima, rozi emasmi?
– Sarpo-suruq masalasini aytayapman, qudagʻay. Koʻngildagiday qilib qoʻyavering, oching sandigʻingizni!
Bechora kuyovning onasi koʻz qiri bilan avval ayollarni, keyin erkak qudalarni sanab chiqdi.
Xonadan chiqar ekan, rangi-roʻyi oqargancha, holsizgina: “50 nafar”, deya pichirladi lablari. Darmonsizgina sandigʻini ochdi, bor-budini chiqardi, tez-tez bir koʻylaklik matolarni taxlay boshladi. Yetmaydi, keyin erkaklarnikini bir chekkaga chiqardi, sanadi, bu ham kam.
– Bozor yaqin, bir zumda borib kelaman. Sizlar qudalarning choy-poyiga qarab turinglarchi, – dedi qizlariga.
Katta-yu kichikka sarpolar qoʻyildi. Bir patnisga mayda-chuyda oʻyinchoqlarni solib xontaxta ustiga qoʻyishdi.
Qoʻni-qoʻshni, bolalar bir zumda oʻyinchoqlarni talashib oldilar. Soʻngra shirinliklardan sochqilar sochishdi. Katta bolalar aravachasiga yangi tugʻilgan ikki oylik qizchani yotqizishdi. Kelin tomondagilar ataganlarini chaqaloq aravachasi ustiga tashlay boshladilar.
Musiqa ohangidanmi yoki xotin-xalajlarning shovqinidanmi, chaqaloq chinqirib yigʻlay boshladi.
Musiqa ovozini baland qoʻyib, kap-katta ota-onalar raqsga tushdilar. Shaytonning suvidan totgan erkak qudalar hammani raqsga chorladi, yoʻq deganlarni kayf aralash soʻkdi.
– Oʻynaysanlar, – deyishgach, ayollar qisinib-qimtinib raqsga tushdilar. Juda koʻp ichkilik ichib, oʻzini yoʻqotib qoʻygan, bobo boʻlgan quda boʻlmish yotib qoldi.
Ayollar birin-ketin tarqaldi. Ayvon toʻrida esa kelinning otasi bilan kuyovning otasi oʻzini bilmay pishillab uxlab yotar, togʻalar va amakilar tushunarsiz ohangda nelardir deb gʻoʻldirashardi. Chaqaloq esa tinmay yigʻlar, kelinning madori qurib, bolasiga qarashni ham, dasturxonni yigʻishtirishni ham bilmay garangsib turardi...
Zuhra AHMEDOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶